O‘zbekiston Mobiuz’ni $300 millionga sotishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston mobil aloqa operatori Mobiuz’ni sotishdan $300 mln tushum olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xalqaro nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hukumat ushbu bitimga Qatardan, Saudiya Arabistonidan, Ozarbayjondan va Yevropadan investorlarni jalb qilishga umid qilmoqda.
Mobiuz mamlakatdagi mobil aloqa bozorida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. BMI tahliliy kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil oxiriga kelib, Mobiuzning bozordagi ulushi 20,9 foizni tashkil etgan, umumiy abonentlar soni esa 35,6 mln nafarni tashkil qilgan. O‘tgan yili kompaniya daromadi 164 million dollar, foydasi (EBITDA) esa 41 mln dollarni tashkil etdi.
Kompaniyaning 100 foizlik ulushi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi doirasida savdoga qo‘yilgan. O‘zbekiston 29 ta yirik kompaniyadagi aktivlarni sotish orqali kamida 10 trln so‘m ($786 mln) miqdorida mablag‘ jalb qilishni maqsad qilgan. Bu davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Mobiuz’ni sotish bo‘yicha tender 2024-yil iyun oyida e’lon qilingan. Potensial investorlar 1-avgustga qadar qiziqish bildirish xatini taqdim etishlari lozim. Bitim bo‘yicha maslahatchi sifatida Rothschild & Co kompaniyasi ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, Veon kompaniyasi O‘zbekistonda biznesini kengaytirish imkoniyatlarini muntazam ko‘rib chiqishini bildirgan, biroq tenderda qatnashishini hozircha tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MobiUz’ni xususiylashtirish boshlangani haqida xabar bergan edik.