Jazirama tufayli Qoraqalpog‘istonning ikkita tumanidagi bog‘chalar yopildi

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani hokimi qarori bilan tumandagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bog‘chalar yopilishiga 16 – 18-iyul kunlari ob-havo harorati +40 darajadan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lgan.
Shuningdek, Taxiatosh tumani hokimi ham qaror chiqardi. Unga ko‘ra, bog‘chalar ichidagi harorat 35 darajadan oshib ketgani sababli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu bolalar salomatligiga issiqning salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida qilinmoqda.
Bundan oldin «O‘zgidromet» joriy yilning 17 – 19-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgani haqida ogohlantirgandi.
17-iyulda respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida, 18 – 20 iyul kunlarida hududning katta qismida havo harorati 40 – 43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 44 – 45 darajagacha ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16-iyul kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, bugun kunduzi Qoraqalpog‘istonda havo harorati 41 darajagacha yuqori bo‘ladi.