
Endi Qozog‘istonda qiz olib qochganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev shu mazmundagi qonunga imzo chekdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Imzolangan qonunga ko‘ra, quyidagi bir qator kodekslarga o‘zgartirishlar kiritildi:
- Jinoyat kodeksi;
- Jinoyat-protsessual kodeksi;
- Jinoyat-ijro kodeksi;
- «Nikoh va oila to‘g‘risida»gi kodeks;
- «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonun;
- «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi hamda boshqa bir qancha qonunlarga tuzatishlar kiritildi.
Aqorda ma’lumotiga ko‘ra, tuzatishlarning birinchi qismi jinoyat qonunchiligining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Ikkinchi qism jinoyat qonunchiligini takomillashtirish va ayrim ijtimoiy xavfli harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zlaydi. Uchinchi qism fuqarolarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga va jarayonni optimallashtirishga, to‘rtinchi qism esa jinoyat-ijro qonunchiligini rivojlantirishga qaratilgan.
Qiz olib qochish
Qonunning asosiy yangiligi – qiz olib qochishga oid normalarning jinoiy holat sifatida belgilangani bo‘ldi. Yangi tartibga ko‘ra, qizni o‘z ixtiyoriga qarshi majburan olib qochgan shaxs sud oldida javob beradi. Biroq bu o‘zgarishlar Qozog‘istonda qiz olib qochishga mutlaqo taqiq qo‘yiladi degani emas.
Agar qizning o‘zi rozilik bergan bo‘lsa, yigit javobgarlikka tortilmaydi. Parlamentda qonunni tanishtirgan deputat Abzal Quspan bu qonun milliy an’analarga to‘siq bo‘lmasligini ta’kidladi.
«An’anamizda mavjud, o‘zaro kelishuv bilan, rozilik asosida qiz olib qochishga bu qonunning aloqasi yo‘q. Bu yerda faqat qizning o‘z ixtiyoriga qarshi, majburlab, hattoki kuch ishlatib olib qochish haqida gap ketyapti», deydi u.
Qiz o‘g‘irlab ketganlarga qanday jazo beriladi
Agar olib qochishda kuch ishlatilmasa va sog‘liqqa zarar yetkazilmasa, jarima yoki yengil ma’muriy jazo qo‘llanadi. Bir nechta shaxs birlashib qizni olib qochsa, bu og‘ir jinoyat sifatida baholanadi. Agar olib qochish davomida qizning jismoniy yoki ruhiy holatiga zarar yetkazilsa, bu holat ham og‘ir jinoyat deb topiladi va jazosi yanada kuchayadi. Umuman olganda, jinoyatning og‘irligiga qarab 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda to‘y qilish qanchaga tushishi haqida yozgandi.