Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkin

eʼlon qilindi
Migrantlar rasmiy maoshidan ko‘proq pul o‘tkazmoqchi bo‘lsa, daromad manbasini tasdiqlovchi deklaratsiya topshirishi kerak bo‘ladi
Мигранты в России
Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkin. Foto: Pixabay

Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.

Unga ko‘ra, «Yangi odamlar» («Noviye lyudi») fraksiyasi yetakchilari Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullinaga maktub yo‘llagan. Ushbu maktubda migrantlarga xorijga rasmiy ish haqidan ko‘proq pul o‘tkazishni taqiqlash taklif qilingan.

Deputatlar ta’kidlashicha, migrantlar tomonidan chet elga rasmiy daromaddan ortiqcha mablag‘ o‘tkazilishi noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va Rossiya hududidan kapitalni olib chiqishga zamin yaratadi. Bu esa davlatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Hozirgi vaziyatda moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida migrantlar tomonidan rasmiy daromaddan ortiq miqdorda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni taqiqlash zarur deb hisoblaymiz», – deyiladi hujjatda.

Shuningdek, deputatlar migrantlar rasmiy maoshidan ko‘proq pul o‘tkazmoqchi bo‘lsa, ular qonuniy daromad manbasini tasdiqlovchi deklaratsiya topshirishini majburiy qilishni taklif etmoqda. Bundan tashqari, ular moliyaviy operatsiyalarni qat’iy nazorat qilish va banklar bilan birga shubhali tranzaksiyalarni aniqlab, oldini olish choralarini ham ilgari surmoqda.

Avvalroq Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochilgani haqida yozgandik.

Shuningdek