Tramp Indoneziyaga 19 foizlik boj joriy etishini ma’lum qildi

eʼlon qilindi
Indoneziya hukumati mazkur kelishuv bo‘yicha izoh bermagan
Tramp Indoneziyaga 19 foizlik boj joriy qilishini ma’lum qildi. Foto: odua / depositphotos.com

15-iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Indoneziya bilan yangi savdo kelishuvi tuzilganini e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh Indoneziyadan import qilinadigan tovarlarga 19 foizlik boj joriy qiladi. Tramp bu haqda Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi.

«Biz hech qanday boj to‘lamaymiz, ular esa 19 foiz to‘laydi. Eng muhimi, endi biz Indoneziya bozoriga kirish imkoniga ega bo‘ldik. Bungacha bunday imkoniyat yo‘q edi», dedi Tramp.

Indoneziya hukumati mazkur kelishuv bo‘yicha izoh bermagan.

Tramp o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozishicha, Indoneziya yangi bitim doirasida AQShdan $15 milliardlik energetika mahsulotlari, $4,5 milliardlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va 50 dona Boeing samolyoti (ularning aksariyati Boeing 777) sotib olishga rozi bo‘lgan.

AQSh Savdo vaziri Govard Lyutnik CNBC’ga bergan intervyusida Indoneziya endi AQSh tovarlariga boj solmasligini, aksincha, AQShda boj to‘lanishini ta’kidladi.

«Ular boj to‘laydi, biz esa yo‘q», – dedi u.

AQSh Savdo departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda AQSh va Indoneziya o‘rtasidagi savdo hajmi $38 milliarddan oshgan. AQShning bu mamlakat bilan savdo defitsiti esa $17,9 milliardni tashkil qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Yevropa Ittifoqi va Meksikaga qarshi 30% boj joriy qilgani haqida yozgandi.

Tramp bu bojlar boshqa sanoat toifalariga nisbatan alohida joriy etilishini qayd qilgan. U po‘lat, alyuminiy va avtomobil importiga nisbatan ilgari belgilangan bojlar esa kuchda qolishini aytgan. Shuningdek, AQSh rahbari Kanada, Yaponiya va Braziliya kabi 23 davlatga ham 20 – 50% boj solish bo‘yicha maktublar yuborgan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bu bojlarni adolatsiz deb atadi. Ular muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

Shuningdek