Yozda terini quyoshdan himoyalash uchun qaysi kremlardan foydalanish kerak

O‘zbekistonda yoz fasli odatda jazirama quyosh va ultrabinafsha nurlarining yuqori faolligi davriga aylanadi. Hatto atigi 10–15 daqiqalik ochiq havoda yurish ham qizarish, qurish, pigmentatsiya yoki kuyishga olib kelishi mumkin. «Kursiv» nashri O‘zbekiston sharoitida foydalanish uchun qulay bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi kremlar, ularning xususiyatlari va narxlarini jamladi.
Ko‘pchilik bunday ob-havoga mos kiyinishga e’tibor beradi, ammo teri himoyasi – ya’ni quyoshdan himoyalovchi SPF (Sun Protection Factor) vositalarini tanlash va to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha ko‘pchilik to‘liq ma’lumotga ega emas. Aslida, quyosh nurlarining salbiy ta’sirini kamaytirishning eng ishonchli usuli bu – SPF kremlaridir.
Siz ushbu maqoladan nimalarni bilib olasiz
- SPF’dan qanday to‘g‘ri foydalanish kerak
- SPF’dagi raqam nimani anglatadi
- IT Cosmetics CC+ SPF 50+
- Round Lab
- Beauty of Joseon
SPF nima va undan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish kerak
SPF (Sun Protection Factor) — bu terini ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish darajasini bildiruvchi ko‘rsatkichdir.
Quyoshdan himoya vositasi (SPF) nafaqat tanlovda, balki foydalanish uslubida ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik kerakli kremni tanlaydi-yu, uni noto‘g‘ri surtish natijasida himoyaning asosiy maqsadi amalga oshmaydi. Quyoshdan samarali himoyalanish uchun quyidagi to‘rt muhim qoidaga amal qiling:
Kremni ko‘chaga chiqishdan 15–20 daqiqa avval surting
SPF vositalari darhol ta’sir qila olmaydi. U teriga singib, faol ishlashi uchun ozgina vaqt talab etadi. Shu bois, uydan chiqishdan 15–20 daqiqa oldin uni yuzingizga surtib qo‘yish eng maqbulidir.
Yetarli miqdorda foydalaning
Ko‘pchilik eng katta xatoni shu yerda qiladi — SPF kremni juda oz miqdorda suradi. Dermatologlar tavsiyasiga ko‘ra, yuz uchun yarim choy qoshiqcha (2 mg/cm² atrofida) krem kerak bo‘ladi. Krem juda kam surtilsa, SPF darajasi pasayib, himoya kuchi kamayadi.

Har 2 soatda yangilang
Kremlarning ta’siri abadiy emas. Quyosh nurlari, terlash, suv bilan aloqalar uning samaradorligini pasaytiradi. Shu sababli, ochiq havoda bo‘lgan har 2 soatda, shuningdek, suzish yoki terlashdan keyin kremni qayta surtish kerak.
Faqat yuz emas – boshqa sohalarni ham yodda tuting
Ko‘pchilik faqat yuzga SPF surish bilan cheklanadi. Aslida esa bo‘yin, quloq orqasi, lab, qo‘l panjalari kabi joylar ham bevosita quyosh nurlariga ta’sirlanadi va kuyishga moyil. Ayniqsa ochiq libos kiyilganda bu joylar ham albatta himoyalanishi kerak.
SPF’dagi raqam nimani anglatadi
SPF raqami sizni quyoshda necha barobar uzoq vaqt davomida kuyishsiz ushlab turishini bildiradi. Masalan, SPF 30 bo‘lgan kremdan foydalansangiz, quyoshda himoyasiz yurishga qaraganda 30 barobar ko‘proq vaqt teringiz kuyishdan himoyalangan bo‘ladi.
SPF raqamlarining farqi
Quyidagi jadvalda SPF darajalari va ularning quyosh nurlarini to‘sish foizlari ko‘rsatilgan:
SPF darajasi | Ultrabinafsha nurlarni to‘sish foizi |
---|---|
SPF 15 | taxminan 93% |
SPF 30 | taxminan 97% |
SPF 50 | taxminan 98% |
SPF 100 | taxminan 99% |
SPF 30 va SPF 50 orasidagi farq bor-yo‘g‘i 1% atrofida, ammo bu faol quyosh nurlari ostida (masalan, tog‘da, dengiz bo‘yida yoki O‘zbekistondagi yozgi jaziramada) juda katta ahamiyat kasb etishi mumkin. Ayniqsa:
- oq yoki och tusli teriga ega bo‘lganlar;
- sezgir teriga ega insonlar;
- pigment dog‘lariga moyil ayollar va erkaklar uchun SPF 50 yoki undan yuqori himoya ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan vositalar tanlanishi tavsiya etiladi.
100% himoya mavjudmi
Ko‘pchilik SPF 100 kremni ishlatib, o‘zini to‘liq himoyalangan deb o‘ylaydi. Aslida esa, hatto eng yuqori SPF darajasi ham quyosh nurlarini 100% to‘sib qo‘ymaydi. Shu sababli, kremni to‘g‘ri miqdorda, kerakli vaqtda va takroran surtish juda muhim.
Qanday SPF’larni tanlash mumkin
IT Cosmetics CC+ SPF 50+ — narxi 380 ming so‘mdan boshlanadi.

Agar bir vaqtning o‘zida makiyaj, quyoshdan himoya va teri parvarishi kerak bo‘lsa, IT Cosmetics CC+ kremi SPF 50+ mos keladi. Bu mahsulot AQShda mashhur bo‘lib, endilikda O‘zbekiston bozorida ham mavjud. U multifunksional vosita bo‘lib, quyosh nurlaridan himoya qilish, terini silliqlashtirish va qarish belgilari bilan kurashish xususiyatlarini birlashtirgan.
Mazkur krem SPF 50+ ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, ultrabinafsha nurlaridan yuqori darajada himoya qiladi. Bu esa kuyish, pigmentatsiya va teri qarishini oldini olishda juda muhim. Ayniqsa, bu kremdagi fizik (mineral) filtrlar homilador ayollar uchun ham xavfsiz hisoblanadi.
Krem to‘liq qamrov beradi, ya’ni yuzdagi qizarish, dog‘, husnbuzar izlarini mukammal yopadi. Biroq bu qamrov sun’iy yoki og‘ir ko‘rinmaydi – tabiiy, silliq va saten effektli pardoz hosil qiladi.

Krem tarkibida quyidagilar mavjud:
- Gidrolizlangan kollagen – terining elastikligini oshiradi;
- Peptidlar va niatsinamid – poralarni qisqartiradi, yallig‘lanishni kamaytiradi;
- Gialuron kislotasi – chuqur namlantiradi;
- Vitaminlar va antioksidantlar – terini tiklaydi, qarishga qarshi kurashadi.
Krem barcha teri tiplari uchun mos. Kombinatsiyalangan yoki yog‘li teri egalari uchun T-zona ustiga ozroq upa surish tavsiya etiladi.
Round Lab Birch Juice Moisturizing Sunscreen SPF50+ PA++++ — narxi 152 ming so‘mdan boshlanadi.

Round Lab kompaniyasining Birch Juice Moisturizing Sunscreen SPF50+ PA++++ kremi — bu bitta mahsulotda bir nechta foydali funksiyani mujassamlashtirgan vosita hisoblanadi. Ushbu krem yangi avlod kimyoviy filtrlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, keng spektrli ultrabinafsha nurlarga — ya’ni kuyishga va qarishga olib keladigan ultrabinafsha nurlariga qarshi kuchli himoya beradi.
SPF50+ va PA++++ ko‘rsatkichlari terini jazirama quyoshda ham ishonchli tarzda asraydi. Kremning asosiy faol moddasi – qayin sharbati. Vitaminlarga boy bo‘lgan bu komponent teriga chuqur oziqlanish beradi, yallig‘langan yoki qizarib qolgan joylarni tinchlantiradi va namlikni hujayralarda saqlab qolishga yordam beradi.

Shuningdek, krem terining himoya to‘sig‘ini mustahkamlab, namlikning bug‘lanishini kamaytiradi. Uni kun davomida silliq va tetik tutadi.
Ushbu krem teri ustida qalin qatlam hosil qilmaydi, oq dog‘ qoldirmaydi va lipkalanmaydi. Eng asosiysi, kun davomida terida deyarli sezilmaydi.
Round Lab SPF kremi barcha turdagi terilar uchun mos. Ayniqsa yog‘li yoki kombinatsiyalangan teriga ega bo‘lganlar uchun u alohida foydali. Chunki bu holatda u kunduzgi namlovchi krem o‘rnini bemalol bosa oladi. Sezgir yoki muammoli teriga ega foydalanuvchilar ham uni bemalol qo‘llashlari mumkin, chunki tarkibidagi komponentlar terini tinchlantiradi, yallig‘lanishni kamaytiradi va noqulaylik hissini yo‘qotadi.
Beauty of Joseon Relief Sun: Rice + Probiotics — narxi 165 ming so‘mdan boshlanadi.

Yoz faslida terimiz ko‘proq tashqi ta’sirlarga uchraydi: kuchli quyosh nurlari, ifloslangan havo va namlik yetishmasligi terining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu holatda, nafaqat himoya, balki terini tinchlantirish, oziqlantirish va tiklash funksiyalarini ham bajaradigan quyosh kremi tanlash muhim.
Aynan shunday ko‘p funksiyali vositalardan biri — guruch ekstrakti va probiyotiklar asosida yaratilgan quyoshdan himoya qiluvchi Beauty of Joseon kremi hisoblanadi.
Ushbu kremning asosiy tarkibi — 30% guruch ekstrakti. Bu tabiiy komponent teriga vitaminlar va antioksidantlar yetkazib beradi, namlikni chuqur darajada ta’minlaydi va terining oziqlanishini yaxshilaydi. Guruch ekstrakti teri hujayralarining yangilanish jarayonini tezlashtiradi, yuz rangini yengilroq qiladi va silliqlik baxsh etadi. Ayniqsa, rangi xira, notekis yoki charchagan ko‘rinishga ega teri uchun foydali.

Krem tarkibida yana probiyotiklar kompleksi mavjud bo‘lib, u laktobakteriyalar va fermentatsiyalangan donlardan iborat. Bu moddalarning ta’siri chuqur qatlamlarga kirib borib, hujayralar yangilanishini faollashtiradi. Shu orqali teri sathidagi mayda notekisliklar tekislanadi, mikrorelief yaxshilanadi va umumiy ko‘rinish sog‘lomroq bo‘ladi.
Probiyotiklar terining tabiiy mikrobiomasini tiklaydi va himoya qatlamini mustahkamlaydi. Bu esa nafaqat terining sog‘lig‘ini saqlaydi, balki yallig‘lanish va allergik reaksiyalar xavfini kamaytiradi. Ayniqsa sezgir va muammoli teriga ega insonlar uchun bu krem tinchlantiruvchi, to‘siqni tiklovchi va namlantiruvchi vosita sifatida xizmat qiladi.

Kremning tuzilishi juda yengil — u yuzda og‘irlik hissi tug‘dirmaydi, tez so‘riladi, oq dog‘ qoldirmaydi va lipkalanmaydi. Kun davomida yuzda noqulaylik hissi tug‘ilmaydi, hatto makiyaj ostida ham uni bemalol qo‘llash mumkin. Shahar sharoitida, ofisda yoki ochiq havoda — har qanday holatda bu krem yuzni himoyalash bilan birga parvarishlaydi ham.
Yengil va ko‘p funksiyali bu quyoshdan himoya qiluvchi vosita har qanday teri turi uchun mos keladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yozning jaziramasida qanday kiyinish kerakligi haqida tavsiyalar bergandi.