17-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Dollar kursi yana pasaydi
Foto: Yandex maps

100 so‘mga arzonlagan dollar, saksovulfurushlar tomonidan kaltaklangan inspektorlar, O‘zbekistonda 6 oyda eng ko‘p sotilgan avtomobil, Chevrolet avtomobillariga chegirmalar, yil boshidan beri 44 trln so‘mga ko‘paygan pul massasi, 400 milliard so‘mga yaqin zarar ko‘rgan «Ipoteka-bank» – «Kursiv» nashri 17-iyun kuni qanday xabarlarni e’lon qildi.

China Eastern Airlines O‘zbekistonga ilk parvozini amalga oshirdi

China Eastern Airlines O‘zbekistonga ilk parvozini amalga oshirdi. Foto: Transport vazirligi

16-iyul kuni soat 14:50 da China Eastern Airlines’ning birinchi reysi Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshira boshladi.

Mazkur yo‘nalishda parvozlar haftasiga uch marta – dushanba, chorshanba va juma kunlari Airbus A320 samolyotlarida bajariladi.

Yoaxim Lyov O‘zbekiston terma jamoasida maslahatchi bo‘lishi mumkin

Foto: Global Look Press

Sport24 nashrining xabar berishicha, Germaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) bilan muzokaralar olib bormoqda.

Manbalarga ko‘ra, hozircha Lyovgacha bo‘lgan taklif bosh murabbiylik emas, balki terma jamoaga maslahat beruvchi pozitsiyani o‘z ichiga oladi.

«Tomonlar o‘rtasida aloqa mavjud, Lyov hamkorlikka ochiq. Ammo hozircha gap uni bosh murabbiy etib tayinlash haqida emas. O‘FA unga maslahatchi sifatida jamoani Jahon chempionatiga tayyorlashni nazorat qiluvchi rolni taklif etgan», – deya aytgan Lyovga yaqin manba.

Amerikaning uchta banki Trampning boj siyosatidan foyda ko‘rdi

Bank of America
Bank of America, Goldman Sachs va Morgan Stanley Trampning boj siyosatidan qancha foyda ko‘rdi. Foto: Seeger Gray/WSJ

AQShning Bank of America, Goldman Sachs va Morgan Stanley banklari shu yilning ikkinchi choragida kutilganidan yuqori moliyaviy natijalarga erishdi. Bu haqda The wall street journal xabar berdi.

Tahlilchilar fikricha, bu natija ortida global iqtisodiy o‘zgarishlar, ayniqsa, prezident Donald Trampning qayta saylanish istiqboli fonida e’lon qilgan keskin boj siyosati turibdi. Jumladan, Bank of America savdo bo‘limidan $5,4 milliard daromad ko‘rdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘p. Bankning umumiy daromadi esa $26,5 milliardni tashkil etdi.

Goldman Sachs ham 22% o‘sish bilan $3,72 milliard sof foydaga erishdi. Aksiyalar savdosidan olingan tushum esa $4,3 milliardni tashkil etib, bank tarixida rekord natija bo‘ldi. Morgan Stanley banki esa $3,39 milliard sof foyda bilan chiqdi.

Xorazmda ekologiya inspektorlari saksovulfurushlar tomonidan kaltaklandi

Xorazmda ekologiya inspektorlari saksovulfurushlar tomonidan kaltaklandi. Foto: Ekologiya vazirligi

15-iyul kuni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan ekologik reyd davomida inspektorlar kaltaklandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Inspektorlar Peshku tumanidagi «Safron» cho‘lida noqonuniy saksovul kesish holatini aniqlab, ZIL rusumli yuk mashinasini ta’qib qila boshlagan. Mashina Xorazm viloyatiga A-380 avtomobil yo‘li orqali harakatlangan.

Ta’qib qilish davomida inspektorlar boshlig‘i Toshev yuk mashinasini kuzatishda davom etgan, uning hamkasblari esa orqada kelayotgan boshqa avtomobillarni nazorat qilish uchun yo‘lda tushirib qoldirilgan. Biroq yo‘lni to‘sib chiqqan noma’lum shaxslar Isuzu yuk mashinasidan har xil sovuq qurollar bilan tushib, inspektorlar mashinasiga zarar yetkazishgan.

Yevro valyutasining tarixi qanday

Foto: Depositphotos

Yevro – Yevropa Ittifoqining muomaladagi rasmiy pul birligi. Uning tarixi 1999-yil 1-yanvardan boshlanadi: o‘sha kuni 11 ta Yevropa davlatida yevro rasmiy hisob-kitob valyutasi sifatida joriy etildi. Yevro banknot va tangalari 2002-yil 1-yanvardan boshlab muomalaga chiqarilgan. 

Mazkur yagona valyuta Yevropa davlatlari iqtisodlarini birlashtirish va ularning o‘zaro savdosini yengillashtirish maqsadida yaratilgan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida yevro valyutasining tarixi haqida so‘z boradi.

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi

chevrolet
Foto: One.uz

«UzAvtosanoat» AJ yanvar – iyun oylarda sotilgan avtomobillar reytingini e’lon qildi. Unda Chevrolet Cobalt (67,5 ming) yaqqol peshqadamlikni saqlab qoldi.

Keyingi o‘rinlardan Chevrolet Damas (31,6 ming) va Chevrolet Tracker (16,6 ming) modellari joy oldi.

Ushbu davrda jami 171,2 mingta atomobil sotilgan. Eng ko‘p savdo UzAuto Motors (94 048 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • Khorezm Auto: 47,9 ming;
  • ADM Jizzakh: 19,6 ming;
  • BYD Uzbekistan: 9,7 ming;
  • Asaka Motors: 623;
  • SamAuto: 238;
  • Jizzakh Auto: 48.

O‘zbekiston dunyodagi xavfsiz mamlakatlar reytingida 25-o‘rinni egalladi

O‘zbeklar
Foto: Sora sun‘iy intellekti yordamida tayyorlandi

Dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 148 ta davlat orasidan 25-o‘rinni egalladi. Bu haqda Numbeo onlayn platformasi xabar berdi.

Tadqiqot jinoyatchilik darajasi, odamlarning kun-u tun o‘zini xavfsiz his qilishi, huquq-tartibot organlariga ishonch kabi omillar asosida tuzilgan.

Reyting rasmiy statistikaga emas, balki jahon bo‘ylab yuz minglab foydalanuvchilarning real hayotdagi kuzatuvlari va baholariga tayanadi.

«JCh – 2026» saralashi: 4-bosqich qur’asi o‘tkazildi — Qatar va BAA bir guruhda

Foto: skrinshot

Bugun, 17-iyul kuni Kuala-Lumpur shahridagi OFK (Osiyo Futbol Konfederatsiyasi) qarorgohida 2026-yilgi Jahon Chempionatining Osiyo saralash bosqichidagi 4-bosqich qur’asi o‘tkazildi. Qur’aga ko‘ra, 6 jamoa ikki guruhga bo‘lindi va faqat guruh g‘oliblari mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

A guruhi:

  • Qatar (mezbon)
  • Birlashgan Arab Amirliklari
  • Ummon

B guruhi:

  • Saudiya Arabistoni (mezbon)
  • Iroq
  • Indoneziya

Qaysi Chevrolet avtomobillarini foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin

Foto: Autostrada

«UzAuto Motors» AJ 2025-yil 21-iyuldan boshlab Chevrolet Onix, Tracker va Damas modellari uchun yangi shartlarni e’lon qildi.

Kompaniyaning rasmiy bayonotida aytilishicha, bo‘lib to‘lash mexanizmi o‘zini oqlagani bois, uni yanada rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Endilikda xaridorlar ushbu mashinalarni tijorat banklari orqali 20% boshlang‘ich to‘lov bilan sotib olishlari mumkin. Ilgari boshlang‘ich to‘lov miqdori 50% tashkil etgan. Shuningdek, yillik 0% dan boshlanadigan foiz stavkasi bilan avtomobilni xarid qilish imkoniyati taqdim etilmoqda.

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi

Foto: Qirgʻizistonning banklararo protsessing markazi

16-iyul kuni Qirg‘izistonning «Elkart» va O‘zbekistonning Uzcard to‘lov tizimlari o‘zaro pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Qirgʻizistonning banklararo protsessing markazi xabar berdi.

Endi ikki davlat fuqarolari mobil ilovalar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini amalga oshiradi.

Qirg‘izistonliklar uchun bu xizmat «Elkart Mobile» ilovasida mavjud bo‘lsa, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar Unired ilovasi orqali pul yuborish imkoniga ega.

Dollar 100 so‘mdan ko‘proqqa pastladi

Dollar
Foto: Depositphotos

Bugun, 17-iyul kuni dollar kursi 100,17 so‘mga pastlab, 12 658,19 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi  xabar bermoqda.

Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 148 so‘mga pasayib, 14 672,11 so‘mni, rubl esa 1,90 so‘mga pasayib, 161,44 so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekiston Rog‘un GESdan elektr energiyasi sotib oladi

O‘zbekiston Rog‘un GESdan elektr energiyasi sotib olishni rejalashtirmoqda. Foto: Rog‘un GES

Tojikiston hukumati Rog‘un GESdan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha bitim loyihasini ma’qulladi. Hujjat matni Tojikiston Adliya vazirligi veb-saytida e’lon qilindi.

Elektr xaridini «O‘zenergosotish» kompaniyasi amalga oshiradi. Bir kVt/soat elektr energiyasining narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bilan 3,4 sentni tashkil qiladi. Ikkinchi yildan boshlab narx har yili 1 foizga indekslanadi. Bundan tashqari, Tojikistonning «Barki Tochik» energiya kompaniyasi ham O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib beradi.

Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi ushbu bitim 20 yil amal qiladi va keyinchalik 10 yillik davrlar bilan uzaytirilishi mumkin. Kelib chiqadigan bahs va kelishmovchiliklar tomonlar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladi.

O‘zbekistonda pul massasi yil boshidan beri 44 trln so‘mga ko‘paydi

Pul
Foto: tatiantmarie / depositphotos.com

Shu yilning iyun oyida O‘zbekistondagi keng ma’nodagi pul massasi (M2) 12,3 trillion so‘mga oshib, jami 312,5 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning yangilangan statistik ma’lumotlari e’lon qilindi.

Shuningdek, iyun oyida so‘mdagi pul massasi 10,6 trillion so‘mga ko‘payib, 250 trillion so‘mga yaqinlashdi.

«Toshkent» RFBda savdolar hajmi birinchi yarim yillikda 17 baravarga oshdi

obligatsiya, ILMA
O‘zbekiston fond bozori birinchi yarim yillikda qanday o‘zgardi. Foto: monsit / depositphotos

2025-yilning birinchi yarim yilligida «Toshkent» respublika fond birjasidagi (RFB) umumiy savdo hajmi 12 trillion so‘mga yetdi. Birja o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 17 baravar oshganini ma’lum qildi.

Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, umumiy bitimlar soni o‘tgan yilga qaraganda 21,7 foizga kamayib, 214,9 mingtani tashkil etdi. Shundan 181,9 mingta bitim birja kotirovka ro‘yxatidagi qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan, qolganlari esa tashkiliy tarzda birja tashqarisidagi bozorda amalga oshirilgan.

«Ipoteka-bank» birinchi yarim yillikda 400 mlrd so‘mga yaqin zarar ko‘rdi

"Ipoteka-bank"
Foto: Ipoteka-bank

Shu yilning dastlabki olti oyida «Ipoteka-bank» 392,5 milliard so‘mlik sof zarar ko‘rdi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotlarida e’lon qildi.

O‘tgan yilning shu davrida 191,8 milliard so‘m foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, yil yakunini 240 milliard so‘m zarar bilan yakunlagandi.

Shuningdek, foizli daromadlar 7,2 foizga oshib, 5,5 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, foizsiz daromadlar 38,5 foizga ko‘payib, 2,1 trillion so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.

Shuningdek