
AQSh bozorida iPhone’larda ishlatilayotgan displeylar bilan bog‘liq patent nizosi sababli sotuvlar to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda Hi-tech mail nashri xabar berdi.
AQSh Xalqaro savdo komissiyasi Apple yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lgan Xitoyning BOE kompaniyasi Janubiy Koreyaning Samsung’iga tegishli texnologiyalarni noqonuniy ishlatganini aniqladi.
Mazkur holat OLED displeylar ishlab chiqarishga taalluqli. BOE aynan ushbu ekranlar bilan Apple’ning iPhone 15, 16 va 17 seriyali modellarini ta’minlab kelmoqda. Komissiya hozircha dastlabki qarorni chiqargan. Bu asosda BOE tomonidan yetkazilayotgan mahsulotlar hamda ular qo‘llanilgan barcha qurilmalarni AQShga import qilishni taqiqlashni tavsiya qilgan.
Shuningdek, agar yakuniy qaror ham shu asosda chiqsa, Apple iPhone’larning BOE ekranli versiyalarini AQShda sotishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Bu esa kompaniyani LG yoki Samsung kabi muqobil displey ishlab chiqaruvchilarga to‘liq tayanishga majbur qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 seriyasi alyuminiy hoshiya bilan taqdim etilishi haqida yozgandi.
Ta’kidlanishicha, faqatgina iPhone 17 Air modeli titan korpus bilan jihozlanadi. Alyuminiy titanga qaraganda yengilroq bo‘lsa-da, titan mustahkamligi bilan ajralib turadi. Apple’ning bu yondashuvi, ayniqsa, iPhone 17 Air’ning ingichka va yengil dizaynini mustahkamlash uchun muhim bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Apple qurilmalari uchun magnitlarni AQShda ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Shartnomaga ko‘ra, Apple $200 mln oldindan to‘lov qiladi. Magnitlar Kaliforniyadagi konlardan olinib, Texasdagi zavodda tayyorlanadi. Bitim Apple’ning AQShga $500 mlrdlik sarmoya rejasining bir qismi hisoblanadi.