Yangiliklar

China Eastern Airlines O‘zbekistonga ilk parvozini amalga oshirdi

Haftasiga uch marta Airbus A320 samolyotlarida
China Eastern Airlines O‘zbekistonga ilk parvozini amalga oshirdi. Foto: Transport vazirligi

16-iyul kuni soat 14:50 da China Eastern Airlines’ning birinchi reysi Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshira boshladi.

Mazkur yo‘nalishda parvozlar haftasiga uch marta – dushanba, chorshanba va juma kunlari Airbus A320 samolyotlarida bajariladi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida haftasiga 46 ta muntazam aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Avgust oyi oxirigacha yana 11 ta yangi reys ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yil yakuniga qadar muntazam qatnovlar soni haftasiga 60 taga yetkaziladi.

Avvalroq China Eastern Airlines kompaniyasiga Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgani haqida yozgandik.