Avto

Cobalt Qozog‘istonda yana eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi

Hyundai Tucson va Kia Sportage keyingi o‘rinlarni egallagan
Cobalt Qozog‘istonda yana eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi / Foto: Chevrolet

2025-yil iyun oyida Qozog‘istonda qariyb 1,7 ming dona Chevrolet Cobalt avtomobili sotildi. Model birlamchi avtomobil bozorida eng ko‘p sotilgan mashinalar ro‘yxatida birinchi o‘rinni saqlab qoldi, deya xabar berdi Qozog‘iston Avtomobilchilar Ittifoqi (QAO).

Cobalt sotuvi may oyiga nisbatan 5,7 foizga kamaygan bo‘lsa-da, u eng yaqin raqibi – 1,5 ming dona sotilgan Hyundai Tucson’dan oldinda. Kuchli uchlikni 947 dona sotuv bilan Kia Sportage yakunlab turibdi.

Iyunda Qozog‘istonda jami 19,4 ming dona yangi yengil va tijorat avtomobillari sotilgan. Yiliga nisbatan savdo hajmi 16,2 foizga oshgan. Mamlakatda eng mashhur avtomobil brendi sifatida Hyundai birinchi o‘rinni saqlab qolgan va Chevrolet’ni deyarli ikki baravar ortda qoldirgan.

Iyunda Chevrolet Qozog‘istonda 2,2 ming dona yangi avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 22,8 foizga ko‘pdir.

QAO ta’kidlashicha, Qozog‘iston avtomobil bozorida umumiy talab avtomobillarning narx jihatidan kirishimliligi ortib borayotgani hisobiga o‘smoqda.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda ham eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lgan edi.