Firibgarlikda gumon qilinayotgan Veemine loyihasiga ruxsat berilmagan – ILMA

O‘zbekistonda o‘zini mayning qurilmasiga sarmoya kiritish platformasi sifatida tanitayotgan Veemine loyihasiga rasmiylar e’tibor qaratdi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) mazkur loyiha hech qanday ruxsat olmaganini, tekshiruvlar esa unda firibgarlik va qonunbuzarlik alomatlarini aniqlaganini xabar qildi.
Agentlik holat yuzasidan hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etgan. Rasmiylar fuqarolarga murojaat qilib, kriptoaktivlar bilan bog‘liq shubhali loyihalarga, xususan, «moliyaviy piramida»larga aldanmaslikni qat’iy tavsiya qilmoqda.
Avvalroq ommaviy axborot nashrlari ushbu loyiha ortidagi sxemani ochiqlagandi. Unga ko‘ra, Veemine foydalanuvchilarga mayning uskunasini ijaraga olib daromad topishni taklif qiladi. Firibgarlar, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi va Xorazm viloyatida faol bo‘lgan.
Loyiha o‘z saytida Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgani, 2013-yildan buyon ishlayotgani va O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasiga hissa qo‘shmoqchiligini ta’kidlaydi.
Ma’lumot uchun, kripto sohasida faoliyat yurituvchi har qanday subyekt ILMAdan rasmiy ruxsat olishi shart.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan internetdagi noqonuniy qimor xizmatlari uchun jarimalar belgilangani haqida yozgandi.
Jarima O‘zbekiston fuqarolariga noqonuniy xizmat ko‘rsatgan xorijiy kompaniyalarga ham qo‘llanadi. Shuningdek, litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan mahalliy tashkilotlar ham jazolanadi. Mazkur nizom tashabbuskori Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) bo‘lib, jarimani mazkur agentlik belgilaydi.
Jarima miqdori kompaniya ustav fondining 1 foizigacha bo‘lishi mumkin. Xorijiy kompaniyalar esa 10 mingdan 25 minggacha bazaviy hisoblash miqdorida jarimaga tortiladi.
Maxsus komissiya qaroriga asosan, yozma xabarnoma yuboriladi. Jarima 15 kun ichida to‘lanishi kerak. To‘lanmasa, sud orqali undiriladi.
Qoidabuzarliklar orasida litsenziyasiz faoliyat, bolalar ishtirokidagi o‘yinlar va noto‘g‘ri reklama bor. Shuningdek, ma’lumotlarni himoyalamaslik va noqonuniy to‘lovlar ham jazolanadi.
Jarimalar teng ikkiga bo‘linadi. Yarmi Davlat budjetiga, yarmi ILMA hisobiga tushadi.