
Toshkent shahrida xizmat mavqeyidan suiiste’mol qilgan patrul-post xizmati inspektori pora olayotganida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
U Navoiy viloyatida yashovchi tanishining haydovchilik guvohnomasini olib berishini va’da qilib, $1,5 ming hamda 1,9 mln so‘m pul olgan.

Inspektor DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga tushdi. Asliyatda u imtihonni bemalol o‘tkazib berishini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni damda u qamoq ehtiyot chorasi bilan hibsda saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda poraxo‘r podpolkovnik qo‘lga olingan edi.