
Shu yilning dastlabki olti oyida «Ipoteka-bank» 392,5 milliard so‘mlik sof zarar ko‘rdi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotlarida e’lon qildi.
O‘tgan yilning shu davrida 191,8 milliard so‘m foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, yil yakunini 240 milliard so‘m zarar bilan yakunlagandi.
Shuningdek, foizli daromadlar 7,2 foizga oshib, 5,5 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, foizsiz daromadlar 38,5 foizga ko‘payib, 2,1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Moliyaviy zararga sabab bo‘lgan omillardan biri sifatida bankning kredit portfelidagi o‘zgarishlar ko‘rsatilmoqda. 2025-yil 1-iyun holatiga kredit portfeli 35,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yildagiga nisbatan 1,4 foizga kamaygan.
Bank uchun bu yil zarar bilan boshlandi. Birinchi chorakda ham 37,8 mlrd so‘m sof zarar qayd etdi. Zararning asosiy sababi sifatida muammoli kreditlar hajmining oshgani ko‘rsatilmoqda. Kreditlar va lizing bo‘yicha ehtimoliy zararlar 948,5 milliard so‘mdan 1,6 trillion so‘mga ko‘tarilgan.
Shuningdek, mart oyida «Ipoteka-bank» O‘zbekistondagi banklar orasida muammoli kreditlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi – 3,5 trillion so‘m.
Shu bilan birga, iyun oyida fond bozorida ham bank aksiyalari salbiy natija ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, 30-maydan 6-iyungacha bo‘lgan davrda «Ipoteka-bank» aksiyalari 5,13 foizga tushgan.