«JCh – 2026» saralashi: 4-bosqich qur’asi o‘tkazildi – Qatar va BAA bir guruhda

17-iyul 2025 14:30 eʼlon qilindi

(17-iyul 2025 20:41 yangilandi)
Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Foto: skrinshot

Bugun, 17-iyul kuni Kuala-Lumpur shahridagi OFK (Osiyo Futbol Konfederatsiyasi) qarorgohida 2026-yilgi Jahon chempionatining Osiyo saralash bosqichidagi 4-bosqich qur’asi o‘tkazildi. Qur’aga ko‘ra, 6 jamoa ikki guruhga bo‘lindi va faqat guruh g‘oliblari mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

A guruhi:

  • Qatar (mezbon)
  • Birlashgan Arab Amirliklari
  • O‘mon

B guruhi:

  • Saudiya Arabistoni (mezbon)
  • Iroq
  • Indoneziya

Qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etdi. U ingliz tilida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olishini ta’kidlab, bu tarixiy natijada mamlakat rahbariyati va muxlislarning ishonchi hal qiluvchi rol o‘ynaganini alohida qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyoga ajratilgan 8 to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaning 6 tasi allaqachon o‘z egalariga topshirilgan – Yaponiya, Eron, O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Avstraliya va Iordaniya. Qolgan ikki yo‘llanma uchun kurash aynan 4-bosqich doirasida davom etadi.

Mazkur bosqich markazlashtirilgan formatda o‘tkaziladi: «A» guruhi o‘yinlariga Qatar, «B» guruhi o‘yinlariga esa Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi. Bellashuvlar 8 – 14-oktabr kunlari o‘tkaziladi.

Guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar 13 va 18-noyabr kunlari ikki o‘yindan iborat pley-offda o‘zaro to‘qnash keladi. G‘olib jamoa FIFA’ning qit’alararo pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari savdosi 10-sentabrdan boshlanishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek