
O‘zbekiston Rossiyada tadqiqot reaktorini yaratish bo‘yicha konsorsiumga qo‘shildi. Bu haqda «Atom media» nashri xabar berdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti xalqaro ilmiy tadqiqotlar dasturiga qo‘shildi. Bu bilan institut Rossiyaning Dimitrovgrad shahrida qurilayotgan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli tezkor tadqiqot reaktori – KMTTR konsorsiumining a’zosi bo‘ldi.
Mazkur reaktor «Rosatom» davlat korporatsiyasi tarkibidagi Atom reaktorlari ilmiy-tadqiqot institutida bunyod etilmoqda. Qurilish «Yangi atom va energetika texnologiyalari» milliy loyihasi doirasida olib borilmoqda.
Bunga doir bitim 16-iyul kuni Moskvadagi «Atom» muzeyida imzolandi. Hujjatga «KMTTR konsorsiumi» bosh direktori Vasiliy Konstantinov va Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sadikov imzo chekdi.
Vasiliy Konstantinovning so‘zlariga ko‘ra, bunday zamonaviy yadro texnologiyalari yangi ilmiy markazlarni shakllantirishga yordam beradi. KMTTR kabi yirik ilmiy majmualar noyob tadqiqot ishlarini o‘tkazish uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston institutining qo‘shilishi Rossiya va O‘zbekiston ilm-fanini yangi imkoniyatlar bilan boyitadi. Bu hamkorlik ekstremal sharoitlarda zarralar harakati, fundamental kuchlar va simmetriyalar tabiatini o‘rganish, yangi modda holatlari va noodatiy hodisalarni izlashga imkon beradi.
Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sadikovning aytishicha, bu hamkorlik yangi ilmiy g‘oyalarni amalga oshirishga keng yo‘l ochadi. Uning ta’kidlashicha, institut yetakchi laboratoriyalar bilan birga ishlashga tayyor. Bu esa O‘zbekistonning atom fani va texnikasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Avvalroq O‘zbekiston ilk atom elektr stansiyasi uchun yoqilg‘ini 2029-yilda qabul qilishi haqida yozgandik.