O‘zbekistonda pul massasi yil boshidan beri 44 trln so‘mga ko‘paydi

eʼlon qilindi
So‘mdagi pul massasi 250 trln so‘mga yetdi
Pul
Foto: tatiantmarie / depositphotos.com

Shu yilning iyun oyida O‘zbekistondagi keng ma’nodagi pul massasi (M2) 12,3 trillion so‘mga oshib, jami 312,5 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning yangilangan statistik ma’lumotlari e’lon qilindi.

Shuningdek, iyun oyida so‘mdagi pul massasi 10,6 trillion so‘mga ko‘payib, 250 trillion so‘mga yaqinlashdi.

Naqd pullar aylanmasi

O‘tgan oyda muomaladagi naqd pullar hajmi 3,9 trillion so‘mga oshib, umumiy 59,1 trillion so‘mga yetdi. Bundan tashqari, bank tizimidan tashqaridagi naqd pullar ham 4,1 trillion so‘mga ko‘payib, 1-iyul holatiga ko‘ra, 70,3 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, vakillik hisobvaraqlari (yuridik va vakil tashkilotlar balansidagi mablag‘lar) bo‘yicha ham yuqori faoliyat qayd etilib, 22,6 trillion so‘mlik qoldiq shakllangan.

Oldingi oylardagi ko‘rsatkich

Iyun oyidagi o‘sish sur’atlari, avvalgi oylarga nisbatan ancha yuqori. Masalan, mart oyida pul massasi atigi 6,6 trillion so‘mga oshgan bo‘lsa, aprel-may oylarida bu ko‘rsatkich 10,5 trillion so‘m atrofida bo‘lgan. Demak, iyundagi 12,3 trillion so‘mlik o‘sish mamlakat moliyaviy tizimida likvidlikning yanada faollashganini anglatadi.

Naqd pul massasi ham avvalgi oylarga qaraganda jadal sur’atda oshgan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 2,8 trillion so‘m bo‘lsa, aprel oyida esa atigi 0,872 trillion so‘mni tashkil etgan edi. Iyundagi 3,9 trillion so‘mlik o‘sish, aholining va tadbirkorlarning qo‘lidagi naqd pulga ehtiyoji ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

2024-yil bilan taqqoslaganda

2024-yilning iyun oyida keng ma’nodagi mablag‘lar massasi 236,4 trln so‘mni tashkil etgan. O’tgan bir yil davomida esa bu ko‘rsatkich 76 trln so‘mdan ko‘proqqa oshgan. So‘mdagi pul massasi 180,5 trln so‘mni tashkil etib, 2025-yilda qariyb 70 trln so‘mga ko‘paygan.

Ma’lumot uchun, pul massasi, bu – mamlakat iqtisodiyotida muomalada bo‘lgan barcha pul mablag‘larining umumiy hajmi.

Avvalroq «Kursiv» nashri yanvar – fevral oylarida o‘zbekistonliklarning qariyb 39 foizi mablag‘ jamg‘ara olmagani haqida yozgandi.

Shuningdek