Shahrisabzdan Kitobga qatnaydigan avtobuslar soni 20 taga ko‘paydi

«Shahrisabz — Kitob» yo‘nalishida 20 ta yangi avtobus harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qashqadaryoda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi «Humoyun» korxonasi tomonidan 20 dona AsiaStar rusumli avtobuslar olib kelindi. Ular «Shahrisabz avtovokzali – Kitob shifoxonasi» yo‘nalishida harakatlanadi.
Ma’lumot uchun, ushbu yo‘nalishning umumiy masofasi 15,7 km bo‘lib, avtobuslar kuniga 20 ming nafar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Shu yil yakunigacha viloyatga yana 66 ta yangi avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya berilishi haqida yozgandi.
Bundan tashqari, avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan berilgan imtiyoz muddati yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham tatbiq etiladi.
Turistik avtobus va mikroavtobuslarga beriladigan bojxona boji imtiyozi ham uch yil davomida jamoat transporti uchun qo‘llaniladi.