
2025-yil bahorida Xitoy xakerlari Tayvan yarimo‘tkazgich sanoatiga qarshi keng ko‘lamli kiberhujumlar uyushtirdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Proofpoint kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 15 – 20 ta o‘rta va yirik korxona nishonga olingan, ularga zararli fayllar yuborilgan yoki soxta kompaniyalar orqali murojaat qilingan.
Hujumlar AQSh – Xitoy o‘rtasidagi chip savdosi bo‘yicha keskin muzokaralar fonida yuz bergan. Xitoy ilg‘or AQSh chiplariga kirishni yo‘qotar ekan, maxfiy sanoat ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga intilmoqda.
Nishonga olingan kompaniyalar orasida TSMC, MediaTek, UMC va boshqalar borligi taxmin qilinmoqda, ammo ular izoh bermagan. Hujumlar aniq shaxslar va tahlilchilarga qaratilgan.
Xitoy elchixonasi kiberhujumlarni inkor etgan bo‘lsa-da, xalqaro mutaxassislar Xitoy bilan bog‘liq xakerlar faolligini tasdiqlamoqda. Yarimo‘tkazgich sanoati esa hanuz strategik nishon bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei yangi sun’iy intellekt chipini ishlab chiqqan edi.