Yaponiya O‘zbekiston bilan migratsiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi

Yaponiya O‘zbekiston bilan migratsiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi. Bu haqda Nikkei Asia nashri xabar berdi.
Hozirgi paytda Yaponiyada qariyalarni parvarishlash, umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida ishchi yetishmovchiligi mavjud. Davlat ushbu sohalardagi kadrlar yetishmovchiligini to‘ldirish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, O‘zbekistonga ham e’tibor qaratmoqda.
Shuningdek, Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi Janubiy hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan ishchi yuboruvchi agentliklar bilan muzokara olib borish uchun xususiy tashkilotni jalb qiladi. Bu jarayonda Yaponiyada ishchi kuchiga bo‘lgan talab va mavjud tizimli to‘siqlar o‘rganiladi.
Onodera User Run kompaniyasi Yaponiyaning belgilangan malakali ishchi dasturi bo‘yicha yuqori sifatli sushi restoranlari uchun ishchilarni tayyorlaydi. O‘tgan oyda ushbu kompaniya O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan shartnoma imzoladi.
Ushbu bitimga ko‘ra, ish izlayotgan yoshlarga yarim yilgacha yapon tili o‘rgatiladi va sinovdan o‘tgandan so‘ng Yaponiyaga ishga yuboriladi. Mazkur dastur orqali kompaniya restoran va hamshiralik parvarishi sanoati uchun yiliga 200 ga yaqin ishchini o‘qitishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Japan-China-Asia educational medical cultural exchange tashkiloti shu yil O‘zbekistonda uchta yapon tili o‘quv markazini ochdi. Bu markazlarda belgilangan malakali ishchi bo‘lishni istaganlar tayyorlanadi.
Yaponiya hozirda Janubiy Koreya va Tayvan bilan ishchi kuchi uchun raqobatlashmoqda. Koreya chet ellik ishchilar uchun o‘z kvotasini uch baravar oshirgan. Tayvanda ham xorijliklar uchun ish haqi oshmoqda.
Shu bilan birga, Yaponiya ichida ham migratsiya masalasi bahsli bo‘lib turibdi. Chunki ayrim siyosatchilar saylov oldidan ishchi oqimini cheklashni talab qilmoqda.
Avvalroq Koreyadagi kemasozlik ishiga tayyorlov kurslari uchun qabul boshlangani haqida yozgandik.