
Yevrokomissiya tomonidan Yevropa Ittifoqi budjeti ikki trillion yevroga oshirilishi taklif qilindi. Bu 2028 – 2034-yillar uchun mo‘ljallangan yangi budjet loyihasi bo‘lib, u 16-iyul kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen tomonidan taqdim etildi.
Yangi budjetda jami xarajatlar 1,21 trillion yevrodan 1,816 trillion yevroga oshirilishi rejalashtirilgan. Eng katta o‘zgarishlardan biri – fermerlar uchun ajratiladigan mablag‘ kamaygan. Buning o‘rniga innovatsiya, texnologiyalar, mudofaa va Ukrainaga yordamga ko‘proq pul ajratiladi.
Fermerlar va baliqchilikni qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘arma 300 mlrd yevroni tashkil etadi. Bu avvalgi 386 mlrd yevrolik ajratmadan kam. Biroq umummilliy va mintaqaviy hamkorlik fondiga 865 mlrd yevro ajratiladi.
Shuningdek, yangi budjetda raqamli texnologiyalar, yashil energetika va fan sohalariga 451 mlrd yevro sarmoya kiritiladi. 131 mlrd yevro esa mudofaa va kosmik sohalar rivojiga yo‘naltiriladi.
Yevrokomissiya budjet hajmini Yevroittifoq yalpi milliy daromadining 1,1 foizidan 1,26 foizigacha oshirishni ko‘zlamoqda. Loyihani Yevroparlament va a’zo davlatlar hukumati kelgusi ikki yil davomida muhokama qiladi. Yevrokomissiya bu budjetni tarixdagi «eng ambitsiyali» loyiha deb atamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yevro valyutasining tarixi haqida maqola e’lon qilgan edi.