Smart kompaniyasi #5 EHD gibrid modelini taqdim etdi

Smart kompaniyasi Xitoyda yangi Smart #5 EHD nomli plug-in gibrid SUV modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu model Smart #5 qatorining gibrid versiyasi bo‘lib, to‘liq elektr yurish masofasi 250 km, umumiy yurish zaxirasi esa 1600 kmni tashkil etadi.

Smart #5 avval faqat elektr versiyada sotilgan. Uning beshta komplektatsiyasi mavjud bo‘lib, narxi 239 900 dan 368 000 yuangacha ($33 mingdan $51 minggacha).
Yangi EHD versiyasi 1.5T benzin dvigateli (120 kW) va 40 kWh dan katta batareya bilan jihozlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yonilg‘i sarfi atigi 4,4 litr / 100 km.ni tashkil qiladi. Batareyani CATL kompaniyasi yetkazib beradi.

Tashqi ko‘rinishda Smart #5 EHD oldingi elektr versiyadek burchakli dizaynga ega. Uning tomida lidar o‘rnatilgan bo‘lib, bu haydovchiga yordam tizimlarini ko‘rsatadi.
Avtomobilning o‘lchamlari: uzunligi – 4705 mm, kengligi – 1920 mm, balandligi – 1710 mm. Bu uni brenddagi eng yirik modelga aylantiradi. Og‘irligi esa 2190 kgni tashkil etadi.

Smart kompaniyasi 2024-yilda Xitoyda 33 427 dona avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 19,37 foizga kam va belgilangan 50 ming dona rejasidan past bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Song L GT elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi. Ushbu elektromobil avvalgi Song L EV bazasida ishlab chiqilgan.