
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tabrizga norasmiy tashrifini taksida davom ettirgan. Bu haqda NasrNews nashri xabar berdi.
Prezidentning maxsus inspeksiyasi vakili Mustafo Molaviyning so‘zlariga ko‘ra, Pezeshkiyon va uning xavfsizlik xodimlari harakatlanayotgan uchta avtomobil Qazvin viloyatidagi yonilg‘i quyish shoxobchasidan suv aralash benzin quyilgani sababli yo‘lning yarmida to‘xtab qolgan.
Ya’ni 15-iyul kuni Rasht trassasi yo‘nalishidagi kompleksda delegatsiya mashinalariga benzin quyishgach, Takestan shahriga yetmasdanoq harakat to‘xtagan. Tekshiruv natijasida aniqlanishicha, mazkur shoxobchada avval ham sifatsiz, suv aralash benzin yetkazib berish holatlari qayd etilgan.
Prezident bu holat yuzasidan voqea paytida viloyat ma’muriyati bilan bog‘lana olmagan. Hech qanday rasmiy chora ko‘ra olmagach u safarini oddiy taksida davom ettirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 92 yoshli prezident Pol Biya yana saylovda qatnashgani haqida yozgandi.