Kobulda Trans-Afg‘on temir yo‘li bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolandi

Kobul shahrida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Transafg‘on masalasidagi ilk uch tomonlama uchrashuvini o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish yuzasidan uch tomonlama bitim imzolandi. Ushbu loyiha Yevroosiyo mintaqasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Afg‘oniston iqtisodiyotining tiklanishiga, savdoning rivojlanishiga va global bozorlarga yangi yo‘l ochilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va qurilish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazi imkoniyatlaridan faol foydalanishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari Transafg‘on temir yo‘li loyihasini muhokama qilgan edi.