Sport

Lyov yoki Bilich kelishi haqida menga hech kim hech narsa demadi – Kapadze

Uning aytishicha, bu borada unga ma’lumot berilmagan
Foto: UFA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘rniga Yoaxim Lyov yoki Slaven Bilich tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Kapadzening aytishicha, bu borada unga federatsiyadan hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagan.

«Rostini aytsam, nima bo‘layotganini tushunmayapman. Men ham bu xabarlarni ijtimoiy tarmoqlardan o‘qidim. O‘FAdan menga bu borada hech qanday ma’lumot berilmadi. Kimnidir olib kelish haqida ham hech nima deyishgani yo‘q. Bu xabarga qanday izoh berishni ham bilmayman. Menga yuklangan vazifani bajardim, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Nasib qilsa ishlayman, bo‘lmasa boshqa joyda», – deydi u.

Shuningdek, Kapadze bu xabarlar feykmi yoki haqiqiy jarayonmi bilmasligini aytib, hozirda terma jamoa murabbiyi sifatida ishini davom ettirayotganini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yoaxim Lyov O‘zbekiston terma jamoasida maslahatchi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.