Moratoriy muhokama mavzusi emas – deputat Murod Nazarovning daraxtlarni qonuniy kesish taklifiga qarshi chiqdi

eʼlon qilindi
Savdo-sanoat palatasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda
Murod Nazarov daraxt kesishga joriy etilgan moratoriyni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Foto: falco / Pixabay

Tadbirkor va Murad Buildings kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov daraxt kesishga joriy etilgan moratoriyni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Tadbirkor amaldagi cheklovlarni tanqid qilar ekan, ularni noqonuniy aylanma yo‘llar bilan baribir buzilayotgani, bu esa korrupsiya xavfini kuchaytirayotganini ta’kidladi.

«Mavjud tartibda rekonstruksiya yoki qurilish ishlarini olib borish deyarli imkonsiz. Texnika joylashishi kerak bo‘lgan joylarda daraxtlar xalaqit beradi, natijada ularni ruxsatsiz kesish hollari ko‘paymoqda», – dedi Nazarov.

Uning fikricha, daraxtlarni oldindan ekish va «daraxtlar banki» tizimini joriy etish orqali bu jarayonni ochiq va qonuniy qilish mumkin. Bunday mexanizmda quruvchilar yoki manfaatdor shaxslar daraxt ekadi, ularni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazadi, keyinchalik esa ekilgan daraxtlar kesiladigan daraxtlar o‘rniga kompensatsiya sifatida hisobga olinadi.

«Masalan, quruvchi biladi – keyingi yili qancha qurilish bo‘ladi, qancha daraxt kesilishi mumkin. Oldindan shu tuman hududida daraxt ekib qo‘yiladi. Keyinchalik kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri bo‘yicha ekilgan daraxtlar bilan qoplab boriladi», – deya izoh berdi u.

Nazarov daraxt tanasining diametri asosida «minus-plus» tamoyili bilan hisob-kitob qilishni taklif qildi. Uning aytishicha, bu nafaqat quruvchilarni, balki boshqa shaxslarni ham daraxt ekishga undaydi.

«Hatto bu limitni sotish imkoniyati ham bo‘ladi. Bu esa butun tizimni real investitsiya aylanishiga aylantiradi», – dedi tadbirkor.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» harakati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirish taklifiga qarshi chiqdi. Bu haqda Telegram kanalida munosabat qoldirdi.

«Moratoriy muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi – bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori. Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7 – 10-yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?», degan xabarida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Sea Breeze savdo ofislari paydo bo‘lgani, bu bo‘yicha kompaniya munosabat bildirgani haqida yozgandi.

Shuningdek