
Netflix o‘zining Argentina ishlagan «El Eternauta» ilmiy-fantastik serialida bino qulash sahnasini generativ sun’iy intellekt GenAI yordamida tayyorlaganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Mazkur sahna an’anaviy vizual effektlardan 10 barobar tezroq va kamroq xarajat bilan ishlab chiqilgan. Netflix’ning Eyeline Studios guruhi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bu loyiha kompaniya uchun GenAI asosidagi ilk yakuniy ekran mahsuloti hisoblanadi.
Netflix rahbari Ted Sarandos bu texnologiyani «filmlar va seriallarni yaxshilash uchun ulkan imkoniyat» deb baholadi. Kompaniya kelgusida AI orqali kontent izlash imkoniyatlarini ham kengaytirishni rejalashtirmoqda – masalan, tomoshabinga «80-yillardagi ruhiy triller» deb aytish kifoya bo‘ladi. Shuningdek, reklama sohasida ham AI’ning salohiyatidan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Netflix Wednesday serialining ikkinchi fasl treylerini taqdim etgan edi.