
OpenAI yangi ChatGPT agentini taqdim etdi. Bu vosita foydalanuvchi topshirig‘i asosida kompyuterda vazifalarni mustaqil ravishda bajarishi mumkin.
Yangi agent sun’iy intellektning (SI) Pro, Plus va Team tariflari uchun bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Agent rejimini tanlagan foydalanuvchilar kundalik rejalashtirishlar, taqdimotlar tayyorlash, kod yozish, Gmail va GitHub kabi xizmatlarga ulanish, xarid rejalari tuzish kabi murakkab topshiriqlarni SI vositasi orqali bajarishi mumkin bo‘ladi.
Agentda avvalgi «operator» va Deep Research kabi vositalarning imkoniyatlarini birlashtirildi. Endi u internetda mustaqil tarzda ko‘p sahifali ma’lumotlarni tahlil qilish va foydalanuvchi nomidan qarorlar qabul qilish darajasiga yetdi. Masalan, to‘rt kishilik yapon nonushtasi uchun masalliqlarni rejalashtirish va xarid qilish yoki uchta raqobatchining tahlilini slaydga aylantirish kabi vazifalarni bajara oladi.
OpenAI agent xavfsizligi borasida ham jiddiy choralar ko‘rgan. Agentda biologik yoki kimyoviy tahdidga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan kontentni aniqlovchi real vaqtli filtrlash tizimi o‘rnatilgan. Shuningdek, bu rejimda xotira funksiyasi vaqtincha o‘chirib qo‘yilgan.
Yangi agent Humanity’s Last Exam testida 41,6 foiz natijani ko‘rsatgan. Eng murakkab matematik sinovlardan biri bo‘lgan FrontierMath bo‘yicha esa 27,4 foizga erishgan.
SI agentlarining haqiqiy hayotda qanday ishlashi hozircha sinov bosqichida qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ChatGPT xizmatiga yangi yangilanish kiritilgani haqida yozgandi. Endi foydalanuvchilar rasm yaratishda to‘qqiz xil uslubdan birini tanlashi mumkin.