
Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar asosida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2025–2026-yillar davomida Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinib, ularning soni 2029-yilgacha 1 mln boshga yetkaziladi. Shuningdek, jun va kashemirni qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini Mo‘g‘ulistonga eksport qilish, mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ham aniq rejalar belgilandi.
Tadbirkorlar uchun yengillik sifatida havo transporti xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovi kechiktiriladi. Bundan tashqari, yaylovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi, bank kreditlari uchun imtiyozli shartlar joriy qilinadi.
Meva-sabzavot eksporti hajmini 10 barobarga oshirish, Mo‘g‘ulistonda «O‘zbekiston mahsulotlari» yarmarkalarini o‘tkazish va birgalikda zamonaviy bog‘ tashkil etish kabi tashabbuslar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga $200 minglik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini rejalashtirgani haqida yozgan edik.