Qirg‘izistondan 5,2 mlrd so‘mlik tilla taqinchoqlarni olib kirgan shaxs ushlandi

Qirg‘izistondan «Vodil-avto» chegara bojxona posti orqali qimmatbaho tilla taqinchoqlarni noqonuniy olib kirishga uringan andijonlik shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqaro kiyimi ostiga yashirilgan 859 dona tilla taqinchoq va 1 dona qo‘l soatini noqonuniy ravishda olib kirgan. Buyumlarning umumiy og‘irligi 4 kg 155 gramm bo‘lib, qiymati 5,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu taqinchoqlarni 10 nafarga yaqin savdogar Turkiyadan Qirg‘izistonga olib kelgan, gumonlanuvchi esa $400 evaziga ularni bojxonadan olib o‘tmoqchi bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan JKning 182-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, buyum egalari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq haydovchilik guvohnomasi evaziga pora olgan inspektor qo‘lga olingan edi.