«Real Madrid»ning daromadi ilk marta bir milliard yevrodan oshdi

Madridning «Real» klubi 2024/25-yilgi mavsumda futbol tarixidagi eng yuqori daromadni qayd etdi. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Klub rasmiy hisobotiga koʻra, futbolchilar transferidan tashqari umumiy daromad miqdori 1,185 milliard yevroga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 10 foizga yuqori boʻlib, birinchi marta klub yillik daromadda 1 milliard yevrodan oshdi.
Hisobotda qayd etilishicha, klub mavsumni 24 million yevro sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilga qaraganda 9 million yevroga koʻp. Shuningdek, «Real Madrid»ning EBITDA koʻrsatkichi (foizlar, soliqlar va amortizatsiyadan oldingi foyda) 242,9 million yevroga yetib, klub tarixidagi eng yuqori natijani qayd etdi.
Moliyaviy barqarorlik borasida ham «Real» yetakchiligini saqlab qoldi. Klubning umumiy kapitali 598 million yevroga teng boʻlib, sof qarz miqdori atigi 12 million yevroni tashkil etadi. Hisobotda ta’kidlanishicha, stadion rekonstruksiyasidan tashqari klubning qarz va kapital nisbati 0 ga teng. Bu esa maksimal moliyaviy mustaqillikni anglatadi.
Klub 2024/25-yilgi moliyaviy yil davomida 195 million yevro sarmoya kiritdi. Ushbu mablagʻ sport infratuzilmalari va futbolchilarni xarid qilishga yoʻnaltirildi. Bu transfer xarajatlari, asosan, 2025-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «PSJ» «Real Madrid»ni mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.