
Rossiya «Yangi odamlar» fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev boshchiligidagi deputatlar migrantlarning bolalari uchun pullik ta’lim joriy etishni taklif qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Deputatlar Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravtsov nomiga murojaat yo‘llab, Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan bolalarning davlat va mahalliy maktablarda faqat pullik asosda o‘qishini nazarda tutuvchi normalarni joriy etishni taklif qilgan.
Ularning fikricha, hozirgi vaqtda migrant bolalar bepul ta’lim olishi davlat va mahalliy budjetlarga sezilarli yuk tushiradi.
Bundan tashqari, Rossiyaning bir qator hududlarida maktablarda o‘quvchi o‘rinlari yetishmovchiligi va o‘qituvchilar ortiqcha yuklanishi kuzatilmoqda. Shuningdek, migrant bolalarning aksariyati rus tilini yetarli darajada bilmaydi va o‘qishdagi ko‘rsatkichlari past bo‘lib, bu esa sinflarda umumiy ta’lim jarayonini sekinlashtiradi.
«Xorijiy fuqarolar o‘z bolalarining ta’lim xarajatlarini mustaqil qoplashlari, uni Rossiya soliq to‘lovchilariga yuklamasliklari kerak. Shu munosabat bilan qonunchilik darajasida Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi bo‘lmagan bolalar davlat va mahalliy maktablarda faqat pullik asosda o‘qishi bo‘yicha normalarni joriy etish zarur deb hisoblayman», – deyiladi murojaatda.
Parlament a’zolarining fikricha, ushbu choralar budjet va ta’lim infratuzilmasiga tushadigan yukni kamaytiradi, o‘qituvchilarga tushadigan bosimni yengillashtiradi va o‘quv jarayoni sifatini oshiradi. Shu bilan birga, migrantlar va ularning bolalari uchun o‘qishga yanada mas’uliyat bilan qarashga rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan avval Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, migrantlar tomonidan chet elga rasmiy daromaddan ortiqcha mablag‘ o‘tkazilishi noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va Rossiya hududidan kapitalni olib chiqishga zamin yaratadi. Bu esa davlatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.