Yangiliklar

«Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklandi

Qashqadaryoda tug‘ilgan 59 yoshli erkak
O‘zbekistonda «Vagner» safida xizmat qilgan fuqaro uch yilga ozodlikdan cheklandi. Foto: Vladislav Shatilo / RBK

«Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklandi. Kursiv Uzbekistan bunga doir sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 59 yoshli erkak Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgani uchun sud hukmiga tortildi.

Dastlab u 2020-yil fevralda Moskvaga ishlash uchun borgan va u yerda odam o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. 2021-yil avgustda to‘qqiz yilga qamalgan. Ammo 2022-yil sentabrda esa «Vagner» tomonidan yollanib, 2023-yilning 21-martigacha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi janglarda qatnashgan.

Mazkur xizmat uchun unga oyiga 100 ming rubl (16,3 mln so‘m) maosh, Rossiya fuqaroligi va qamoqdan muddatidan oldin ozod bo‘lishi va’da qilingan. Janglarda qatnashgani uchun afv etilgan erkak 2025-yil martigacha Moskvada qolib har xil mehnat turlari bo‘yicha ishlagan.

Fuqaro joriy yilning mart oyida O‘zbekistonga qaytgach, o‘z ixtiyori bilan Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan. Bu orqali u o‘z aybini tan olib, barcha hujjatlarni taqdim etgan. Sudda u qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik so‘ragan.

Sud Jinoyat kodeksining yollanish bilan bog‘liq moddasiga asosan uni aybdor deb topib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Avvalroq Rossiya – Ukraina urushida halok bo‘lgan chet elliklar soni bo‘yicha O‘zbekiston uchlikka kirgani haqida yozgandik.

Tahlillarga koʻra, halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning yarmidan koʻpi – 46 nafari Rossiyadagi jazoni oʻtash muassasalarida boʻlgan. Ularning aksariyati «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida frontga yuborilgan.