Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tasdiqladi

Bu galgi choralar avvalgi to‘plamlarga nisbatan ancha keskin
Rossiya
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Foto: designer491 / depositphotos.com

Yevropa Ittifoqi(YI) Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini ma’qulladi. Bu galgi choralar avvalgi to‘plamlarga nisbatan ancha keskin ekani ta’kidlandi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bu sanksiyalarni «eng qat’iy paketlardan biri» deb atadi.

Yangi sanksiyalar Rossiyadan Yevropaga neft tashishda foydalanilayotgan 105 ta tankerga nisbatan choralarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ular «Shimoliy oqim» gaz quvurlari infratuzilmasiga ham tegishli bo‘ladi. Bundan tashqari, Hindistondagi «Rosneft» neftni qayta ishlash zavodi ham nazoratga olinadi.

Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasi ham pasaytirilmoqda. Rasmiy raqamlar oshkor etilmagan bo‘lsa-da, Reuters agentligi manbalariga ko‘ra, yangi limit $47,6ni tashkil qilishi mumkin. Avvalgi narx $60 edi.

Shuningdek, YI Rossiya harbiy sanoatiga va sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan ayrim Xitoy banklariga qarshi bosimni kuchaytirish niyatida. Bundan tashqari, dronlar ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan texnologiyalarning eksporti ham to‘xtatiladi.

Slovakiya ushbu paketni uzoq vaqt rad etib kelgan bo‘lsa-da, mamlakat bosh vaziri Robert Fitso Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Shuningdek, dastlab qarshi bo‘lgan Maltani ham YI davlatlari o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga ko‘ndira oldi.

2022-yil fevralidan buyon bu Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar to‘plami bo‘lib, har bir bosqichda Kremlning siyosiy, iqtisodiy va harbiy imkoniyatlariga bosim kuchaytirib borilmoqda. Rossiya esa bunday choralarni noqonuniy deb hisoblab, sanksiyalar tahlil etilmaguncha Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor emasligini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi budjetini ikki trln yevroga oshirishni taklif qilgani haqida yozgandi.