Gadjetlar

Ayrim foydalanuvchilar Galaxy Z Fold7 to‘liq ochilmasligidan shikoyat qilmoqda

Samsung hozircha rasmiy bayonot bermagan
Galaxy Z Fold7
Ayrim foydalanuvchilar Galaxy Z Fold7 to‘liq ochilmasligidan shikoyat qilmoqda / Foto: reddit

Samsung’ning yangi flagman smartfoni Galaxy Z Fold7 ayrim foydalanuvchilarda ochilish burchagi bilan bog‘liq muammolarni yuzaga chiqarmoqda. Ba’zi modellar 180 darajagacha to‘liq ochilmayapti. Bu haqda gizmochina nashri ma’lum qildi.

Redditda yozilishicha, ayrim foydalanuvchilar, xususan, demo qurilmalar Galaxy Z Fold7’ni to‘liq ochib bo‘lmasligini bildirgan. Ayrim holatlarda displey 165 – 170 daraja burchagida «qotib qolgan». Samsung esa rasmiy texnik xususiyatlarda Flex Hinge (katlama mexanizmi) 178,5 – 181,5 daraja oralig‘ida ochilishi kerakligini qayd etgan.

Ba’zi foydalanuvchilar Samsung mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limidan olgan javobga asoslanib, bu kabi nosozliklar kafolat asosida almashtirishga asos bo‘lishini bildirgan.

Mutaxassislar bu holat demo qurilmalarning noto‘g‘ri ishlatilishi yoki ayrim seriyalardagi sifat nazorati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Samsung hozircha rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, muammo individual holatlarda yuzaga chiqayotgani va keng tarqalmagani ta’kidlanmoqda. Shunga qaramay, kompaniya foydalanuvchilarga barcha texnik nosozliklar bo‘yicha rasmiy servis markazlariga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Z Fold7 dizaynini eski versiyalar uslubiga qaytarishi haqida xabar bergan edi.