Namanganda «Islom Davlati» terror tashkilotiga aloqador guruh fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida «Islom Davlati Xuroson Viloyati» xalqaro terroristik tashkilotining yashirin «jamoati» fosh etildi.
Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan tashkil etilgan guruh yig‘ilishlarida «jihod» va «shahidlik» g‘oyalari faol targ‘ib etilgan. Guruh yetakchisi Telegram messenjerida 120 nafardan ortiq a’zoga ega virtual guruh va kanallar ochib, u yerda terroristik tashkilotga oid atributlar, ekstremistik mazmundagi audio-video materiallar, diniy da’vatlar tarqatib kelgan.
Tezkor tadbir davomida 16 nafar shaxsning yashash manzili ko‘zdan kechirildi. Natijada 37 dona telefon, 51 ta noshirlik belgisi ko‘rsatilmagan diniy adabiyot, 40 ta DVD disk, 4 ta flesh-karta, noutbuk va planshet ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Aniqlanishicha, jamoat yetakchisi 2022-yilda Istanbulda joylashgan noqonuniy «hujra»da diniy saboq olgan va ekstremistik qarashlarni singdirib olgan. U hatto uni ogoh qilgan otasini «kofir» deb atagan.
Guruh a’zolaridan biri Namangan shahrida joylashgan xususiy universitetlardan birining ta’sischisi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda guruh tashkilotchisi va 3 nafar faol a’zoga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qolgan a’zolar bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekitan «Vagner» safida xizmat qilgan o‘zbekistonlik uch yilga ozodlikdan cheklangani haqida xabar bergan edi.