Yangiliklar

Tramp kriptovalyutani qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Tramp hujjatni imzolash marosimida GENIUS Act dollarda ta’minlangan steblkoinlardan foydalanish uchun asos yaratishini aytdi
Foto: GettyImages

AQSH prezidenti Donald Tramp steblkoinlarni tartibga solish to‘g‘risidagi federal qonunni imzoladi, deb xabar berdi ABC News. Qabul qilingan hujjat GENIUS Act deb nomlanadi.

Steblkoinlar dollar kabi barqaror aktivlarga bog‘langan kriptovalyutalardir. GENIUS qonuni banklar va boshqa tashkilotlar uchun ularni chiqarishni soddalashtiradi, bu esa bunday aktivlarga bo‘lgan ishonchni oshirishi kerak.

Tramp hujjatni imzolash marosimida GENIUS Act dollarda ta’minlangan steblkoinlardan foydalanish uchun asos yaratishini aytdi.

Trump signs GENIUS Act cryptocurrency legislation

«Bu, ehtimol, internet paydo bo‘lganidan beri moliyaviy texnologiyalardagi eng katta inqilobdir», – dedi Tramp Oq uydagi marosimda.

ABC News avvalroq Oq uy rahbari kriptovalyutalarga shubha bilan qaraganini ta’kidladi. Biroq yaqinda Tramp kriptovalyutalar ishqibozi ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu sohada ustunlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi tomonidan steblkoinlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng, 18-iyul kuni kriptovalyutaning bozor kapitallashuvi $4 trillionga yetdi. 19-iyul soat 11:00 holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich $3,9 trillionga tushdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin narxi 122 ming dollardan oshgani haqida xabar bergan edi.