Ozarbayjon Rossiyani xalqaro sudga bermoqchi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bayon qilishicha, mamlakat Rossiya rasmiylariga qarshi xalqaro sudga murojaat etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Aki Press nashri ma’lum qildi.
Bunga sabab 2024-yil 25-dekabrda Qozog‘istonning Aqtau shahrida «Azerbaijan Airlines» (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli samolyotning halokatga uchragani bo‘ldi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Boku yetti oy davomida Rossiyadan rasmiy javob ololmagan. U Moskva samolyotni urib tushirganini tan olib, javobgarlarga nisbatan chora ko‘rishni va halok bo‘lganlarning oilalari hamda AZAL aviakompaniyasiga tovon to‘lashni talab qilmoqda.
Halokatda 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi esa omon qolgan. Samolyot Ukraina dron hujumi tufayli Qozog‘istonga yo‘naltirilgan edi. Ozarbayjon tomoni Rossiyaning tergov jarayonini kechiktirayotganidan norozi va ishni xalqaro sudga oshirmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘on Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi ziddiyatga izoh bergan edi.