
O‘zbekiston bojxona xizmati Koreya bojxona xizmatiga yana olti bosh xizmat itini eksport qildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Labrador zotiga mansub bu itlar Toshkentdagi Milliy kinologiya markazida «Giyohvand vositalarni qidirish» yo‘nalishida tayyorlangan.

Ushbu hamkorlik ikki mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanayotganidan dalolat beradi. 2023 – 2024-yillarda Koreyaga yuborilgan xizmat itlari aeroport va dengiz portlarida samarali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yilning iyun oyida koreyalik mutaxassislar Toshkentga tashrif buyurib, yangi 6 bosh xizmat itini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Shu asosda xizmat itlari barcha veterinariya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, «Eksport uch qadamda» tizimi orqali rasman rasmiylashtirilib, Koreyaga jo‘natildi.

Bugungi kunga kelib, Koreyaga eksport qilingan o‘zbek xizmat itlari soni 12 taga yetdi. Bu esa Milliy kinologiya markazining eksport salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning 12 ta istirohat bog‘ida kinologiya punktlari tashkil etilishi haqida yozgan edik.