21-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Toshkentdagi omborxonadan kimyoviy modda sizib chiqdi

Norin daryosi sohili zamonaviy sayyohlik maskaniga aylantiriladi

Norin daryosi sohili zamonaviy sayyohlik maskaniga aylantiriladi / Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Norin GESlari atrofida tashkil etilayotgan sayyohlik loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uychida joylashgan 20 gektar yer maydonida sayilgoh, ko‘p qavatli uylar, sport maydonchalari, suzish havzalari, dam olish maskanlari va kemping zonalari barpo etiladi.

Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tumanidan 12 km masofada joylashgan Norin daryosi va 5 ta yirik kanal o‘zining tabiiy go‘zalligi, tiniq suvlari bilan turizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilmoqda

Chevrolet Cobalt
Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilmoqda / Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: Chevrolet

Chevrolet Cobalt o‘rta segmentdagi eng ommabop avtomobillardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda yanvar – iyun oylarida 67,5 ming dona sotilgan. Ushbu maqola orqali Chevrolet Cobalt avtomobilining qo‘shni davlatlardagi narxi haqida bilib olasiz.

Chevrolet Cobalt – bu ixcham va ishonchli sedan bo‘lib, kundalik foydalanish uchun qulay yechim hisoblanadi. U 1,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. U tejamkorlik va yetarli darajadagi quvvatni ta’minlaydi. Avtomobilning dizayni sodda va zamonaviy ko‘rinishga ega, salonida esa haydovchi va yo‘lovchilar uchun yetarlicha joy mavjud. Cobalt avtomatik yoki mexanik transmissiya variantlarida taklif etiladi. Unda xavfsizlik tizimlari, konditsioner va multimedia qurilmalari kabi zamonaviy funksiyalar mavjud. Bu model narx va sifat nisbati bo‘yicha O‘zbekiston bozorida keng talabga ega.

Navoiyda kuzatilgan changsimon tutun «Navoiyazot» AJ bilan bog‘liq emasligi aniqlandi

Navoiyda kuzatilgan changsimon tutun «Navoiyazot»AJ bilan bog‘liq emasligi aniqlandi / Foto: «Navoiyazot» AJ

21-iyul tongida Navoiy shahri va atrofida yana changsimon tutun paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan «Navoiyazot» AJ va Ekologik partiyasi viloyat Kengashi mutaxassislari birgalikda surishtiruv olib bordi.

Tergov doirasida korxona hududiga qo‘shimcha kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Tasvirlarda aniqlanishicha, tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida faoliyat yuritayotgan boshqa korxonalardan chiqmoqda. «Navoiyazot» AJ ekologik xavfsizlikni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan bo‘lib, atmosferaga tashlanadigan chiqindilarni kamaytirishga doir qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Korxona mazkur tutun hodisasiga hech qanday aloqasi yo‘qligini yana bir bor rasman ma’lum qiladi.

O‘zbekistonda uy-joy narxiga minimal chegara joriy etish taklif qilindi

O‘zbekistonda uy-joy narxiga minimal chegara joriy etish taklif qilindi. Foto: alexraths / depositphotos

O‘zbekistonda uy-joyni sun’iy ravishda arzon narxlarda rasmiylashtirish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev qurilish sohasi vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

2025-yil boshidan mamlakatda bir kvadrat metr uchun bir million so‘mdan arzon narxda ikki mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Yana 9,3 mingta bitimda birdan uch million so‘mgacha, 13,5 mingta bitimda esa uchdan besh million so‘mgacha bo‘lgan narxlar ko‘rsatilgan.

Centrum Air Samarqanddan Dushanbega muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi

Centrum Air Samarqand – Dushanbe yo‘nalishida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Foto: AIR MARAKANDA

Air Marakanda va Centrum Air hamkorligida Samarqanddan Dushanbe shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Yo‘nalishning tantanali ochilish marosimi doirasida ilk reys bilan Dushanbedan kelgan samolyotni kutib olish tadbiri o‘tkazildi. Unda Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda, Samarqand hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov va Tojik madaniy markazi raisi ishtirok etdi.

Endi Samarqand va Dushanbe aviaqatnovlari haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Samarqand xalqaro aeroportidan uchib ketish vaqti soat 07:30 ga belgilangan.

Apple reklamasida mushukni «yo‘q qilish» orqali yangi funksiyasini namoyish etdi

Foto: PetsMailru

Apple kompaniyasi iPhone 16 Pro smartfonining yangi funksiyalarini targ‘ib qiluvchi reklama roligini taqdim etdi. Bu haqda PetsMailRu nashri xabar berdi.

Videoda Garrett laqabli mushuk asosiy e’tibor markaziga aylandi. Rolikda erkak «Clean Up» funksiyasi yordamida suratdan mushukni olib, ya’ni qirqib tashlaydi. Biroq mushuk egasining kinoyali tarzda «Men har doim Garrettni yomon ko‘rganingni bilar edim» degani voqeaga hazil aralash dramatizm baxsh etadi.

Ukraina elchisi Oʻzbekistondagi missiyasini tugatdi

Foto: Nikolay Doroshenko / Facebook

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qaroriga koʻra, 2020-yildan buyon Oʻzbekistonda elchi lavozimida faoliyat yuritgan Nikolay Doroshenko diplomatik missiyasini yakunlamoqda.

Elchi bu haqda shaxsiy Facebook sahifasi orqali xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, diplomatik korpus rotatsiyasi doirasida qabul qilingan qaror mamlakat rahbariyatining unga boʻlgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.

«Oʻzbekistondagi faoliyatim davomida ogʻir vaziyatlarda ham yurtim manfaatlarini himoya qilish sharafini boshimdan kechirdim. Ishimga baho berishni boshqalarga qoldiraman, biroq qilgan ishlarim uchun uyalmayman», – dedi Doroshenko.

Ingliz tilini biladigan o‘zbekistonliklar kruiz kemalarida ishlashi mumkin

Ingliz tilini biladigan o‘zbekistonliklar kruiz kemalarida ishlashi mumkin. Foto: Migratsiya agentligi

Endi ingliz tilini biladigan va xorijda ishlash istagidagi o‘zbekistonliklar uchun kruiz kemalarida ishga joylashish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, agentlik rahbariyati va Makedoniyaning Kouzon Corporation kompaniyasi ijrochi direktori Zoran Kochoski o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qatar Airways samolyotlarida Starlink interneti ishga tushirildi

Boeing 777. Foto: Qatar Airways

Qatar Airways aviakompaniyasi Boeing 777 rusumidagi barcha 54 ta samolyotini Starlink interneti bilan jihozladi. Bu haqda Avianews nashri xabar berdi.

Endi parvoz chog‘ida yo‘lovchilar nafaqat uchish yoki qo‘nish vaqtida, balki samolyot uchayotganda ham to‘liq va bepul internetdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Aviakompaniya bergan ma’lumotga ko‘ra, samolyot bortidagi internet tezligi 500 Mbit/s gacha yetadi. Bu ko‘rsatkich hozirda zamonaviy optik tolali internet tarmoqlariga teng va hattoki uydagidan tezroq ishlaydi. Signal kechikishi esa atigi 20 – 40 millisoniyani tashkil etadi.

Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Bashakshehir» klubiga oʻtdi

Abbosbek Fayzullayev «Bashakshehir» klubiga oʻtdi. Foto: «SSKA»

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning «SSKA» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettiradi. U Istanbulning «Bashakshehir» klubi bilan shartnoma imzoladi.

Fayzullayev yangi jamoasida 11-raqam ostida harakat qiladi. Uning transferi uchun turk klubi «SSKA»ga 7,5 million yevro toʻlagan. Yangi jamoasida u ikkinchi oʻzbekistonlik futbolchi boʻldi. Avvalroq «Bashakshehir» Eldor Shomurodovni «Roma» klubidan sotib olish sharti bilan ijaraga olgan edi.

Xitoyning Shensi provinsiyasi Transport universitetiga 1,8 mln dollarlik grant ajratdi

Xitoyning Shensi provinsiyasi Transport universitetiga 1,8 mln dollarlik grant ajratdi. Foto: Transport vazirligi

Shensi provinsiyasi hukumati Toshkent davlat transport universitetiga umumiy qiymati $1,8 millionga teng ta’lim granti ajratdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Mazkur grant evaziga 10 nafar PhD, 40 nafar magistratura va 60 nafar bakalavriat talabasi Xitoyning Changan universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, dasturlar 1+1 magistratura va 2+2 bakalavriat shaklida amalga oshiriladi.

Xorijiy investorlar kengashi huzurida yangi kotibiyat tashkil etiladi

Investitsiyalar kengashi huzurida maxsus kotibiyat tashkil etiladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Xorijiy investorlar kengashi huzurida yangi kotibiyat tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorni qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, kotibiyat nodavlat notijorat tashkiloti maqomida faoliyat yuritadi hamda investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy investorlarni jalb etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

Mazkur kotibiyat xorijiy investorlar bilan bevosita ishlaydi, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablagʻlarini jalb qilishda koʻmaklashadi.

Toshkentdagi omborxonadan kimyoviy modda sizib chiqdi

Foto: Videodan olindi

Bugun, 21-iyul kuni tongda Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan omborxonalardan biridan havoga o‘tkir oltingugurt hidi tarqalgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV)ga xabar qilingan.

Hasanboy Do‘stmatov professional boksdagi yettinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi

Foto: Sport

Ikki karra Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘stmatov Bishkekda o‘tgan boks kechasida filippinlik Mark Antonio bilan jang qildi. Ochkolar hisobiga ko‘ra Do‘stmatov g‘alaba qozonib, professional boksdagi yettinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hafta yakuni bo‘yicha dayjest e’lon qilingan edi.

Shuningdek