22 kg dan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilindi — DXX

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
22 kg dan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilindi — DXX / Foto: Sun’iy intellekt

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda umumiy hisobda 22 kg 585 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Denov tumanida «Cobalt» avtomashinasi to‘xtatilib, 1987-yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan shaxs yonidan 9 kg «gashish» moddasi aniqlandi. Tekshiruvda bu modda Tojikistondan yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida ikki fuqaro avtomobilda 5,8 kg «gashish» bilan ushlanib, ularni sotib olishga kelgan yana bir shaxs ham qo‘lga olindi. Giyohvandlik vositasi ilgari Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Namangan shahrida ilgari sudlangan fuqaro 3,9 kg «gashish»ni $38 mingga sotayotganida ushlangan. Uning uyidan qo‘shimcha 868 gramm giyohvandlik moddasi aniqlangan.

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida ikki fuqaro 1,9 kg «opiy»ni 200 mln so‘mga sotayotganida qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatida esa Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan bo‘lgan ikki fuqaro 943 gramm «opiy»ni sotishga uringan vaqtida ushlandi.

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumondor shaxslar qamoqqa olingan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan Toshkent viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangan edi.

Shuningdek