Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Bashakshehir» klubiga oʻtdi

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning «SSKA» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettiradi. U Istanbulning «Bashakshehir» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Fayzullayev yangi jamoasida 11-raqam ostida harakat qiladi. Uning transferi uchun turk klubi «SSKA»ga 7,5 million yevro toʻlagan. Yangi jamoasida u ikkinchi oʻzbekistonlik futbolchi boʻldi. Avvalroq «Bashakshehir» Eldor Shomurodovni «Roma» klubidan sotib olish sharti bilan ijaraga olgan edi.
Ma’lumot uchun, 21 yoshli Fayzullayev oʻtgan mavsum «SSKA» safida barcha musobaqalarda 39 ta oʻyinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Uning «armiyachilar» bilan amaldagi shartnomasi 2026-yilgacha moʻljallangan edi. Transfermarkt portali futbolchining bozor narxini 8 million yevroga baholagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «SSKA» va Abbos Fayzullayev Rossiya superkubogi sohibi boʻlgani haqida xabar bergan edi.