Centrum Air aviakompaniyasi Airbus A321neo samolyotini xarid qildi

eʼlon qilindi
Airbus A321neo
Centrum Air 11-samolyotini qabul qilib oldi. Foto: Centrum Air

Centrum Air aviakompaniyasi o‘zining navbatdagi o‘rta masofali Airbus A321neo samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Yangi samolyot xaridi bilan kompaniya aviaparki 11 taga yetdi, ulardan beshtasi zamonaviy NEO oilasiga mansub.

UK32132 raqamli yangi A321-253NX samolyoti Germaniyaning Gamburg shahridagi Airbus zavodida ishlab chiqarilgan. U barcha zavod va uchuv sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bundan tashqari, joriy yilning 8-iyul kuni samolyot 2 soat 25 daqiqa davomida sinov parvozini amalga oshirgan.

Shuningdek, u CFMI LEAP-1A33 rusumidagi zamonaviy dvigatellarga ega bo‘lib, ular yonilg‘ini tejaydi va shovqin darajasini kamaytiradi. Yangi layner kompaniyaning brend ranglarida bo‘yalgan va tez orada xalqaro hamda mintaqaviy yo‘nalishlarda qatnay boshlaydi.

«Biz shunchaki flotimizni kengaytirayotganimiz yoʻq, balki zamonaviy, texnologik va mijozlarga yo‘naltirilgan aviatsiyani qurmoqdamiz. Yangi A321neo esa ishonchlilik, ekologik tozalik va qulaylik», deydi Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov.

Kompaniya 2025-yil oxiriga qadar flotini 14 ta, 2026-yilda esa 21 ta samolyotgacha oshirishni rejalashtirgan.

Avvalroq Centrum Air o‘z havo parkini ikkinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 bilan boyitgani haqida yozgandik.

Bu kompaniya parkidagi ushbu turdagi ikkinchi keng fyuzelyajli layner hamda aviaparkning o‘ninchi havo kemasi bo‘ldi.

Shuningdek