«Milliy tiklanish» partiyasi vakili poytaxtda bo‘lgan pivo festivalini tanqid qildi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjonova 27 – 29-iyun kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tgan pivo festivaliga nisbatan keskin tanqidiy munosabat bildirdi.
Uning fikricha, bu tadbir tobora an’anaga aylanib borayotgan bo‘lsa-da, jamiyatda bunga qarshi jiddiy e’tirozlar deyarli eshitilmayapti.
«Maydon odamlar bilan gavjum edi. Ko‘plari yoshlar, O‘zbekzabon OAV esa bu mavzuda sukutda. Toshkentning bir chetida Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostlayotgan bo‘lsa, narigi tomonida ommaviy pivo festivali o‘tyapti», – deya yozdi u o‘z Facebook sahifasida.
Muhamedjonovaning e’tirozlari ikki asosiy yo‘nalishga qaratilgan: birinchidan – spirtli ichimliklarni omma oldida targ‘ib qilish oqibatlari chuqur o‘ylab ko‘rilmagan. Ikkinchidan – bu kabi tadbirlar jamiyatning qadriyatlari va madaniyatiga zid.
Uning ta’kidlashicha, festivallar shunchaki zamonaviylik yoki turizm niqobi ostida o‘zlikni yo‘qotishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, u jamiyatda muayyan mavzularda faollik balandligi masalan, daraxt kesilishiga qarshi chiqishdagi muhokamalarni sanab o‘tdi. Biroq aynan yoshlar tarbiyasi, ma’naviy xavfsizlik, ommaviy madaniyatning ijtimoiy hayotga ta’siri borasida esa jamoatchilik «shubhali sukunat»ni saqlamoqda.
«Agar bir yog‘och uchun jamiyat faol harakatga kelgan bo‘lsa, nega yoshlar kelajagiga tahdid soluvchi hodisalarda jim turiladi? Shu bois, men aytaman: Daraxt kesishga isyon, pivo festivaliga sukunat — bu ikki standart o‘rtasida jamiyat ishonchini yo‘qotmasligi kerak», dedi u.
U yakunda jamiyat ekologik ong qatori ma’naviy masalalarga ham befarq bo‘lmasligi kerakligini eslatadi.
«Bugun daraxtni qanday himoya qilsak, ertaga o‘zligimiz, qadriyatlarimizni ham shunday qat’iyat bilan asrashimiz lozim».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» harakati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirish taklifiga qarshi chiqqani haqida yozgandi.