Fond bozori: «Hamkorbank» aksiyalari 17,20 foizga qimmatlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 14-iyuldan 18-iyulgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,64 foizga oshdi.
«Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 17,20 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Ipoteka-bank» (+5,56%) va «O‘zbektelekom»ning oddiy (+5,38%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari 24,15 foiziga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. «Trastbank» (-5,63%) va «O‘zbektelekom»ning imtiyozli aksiyalari (-4,89%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqat «Aloqabank», «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari va «O‘zmetkombinat» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (488 ta), «O‘zRTXB» (415 ta) va «Aloqabank» (372 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (313,13 mln) yetakchilik qildi. «Elektrqishloqqurilish» (102,21 mln so‘m) va «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyalari (97,98 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 9 tasi haftani ijobiy, uchtasi o‘zgarishsiz, qolgan 11 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 1,78 mlrd so‘m bo‘ldi.
Avvalroq «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 4-iyuldan 11-iyulgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,2 foizga oshgandi.
Ushbu davrda «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 10,68 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Trastbank» (+6,65%), «Hamkorbank» (+6,34%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Biokimyo» aksiyalari 7,72 foiziga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. «Ipoteka-bank» (-6,90%), «Qizilqumsement» (-5,79%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi.