
Endi ingliz tilini biladigan va xorijda ishlash istagidagi o‘zbekistonliklar uchun kruiz kemalarida ishga joylashish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, agentlik rahbariyati va Makedoniyaning Kouzon Corporation kompaniyasi ijrochi direktori Zoran Kochoski o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kruiz kompaniyalari bilan hamkorlikda fuqarolarni xorijda mehnat faoliyatini tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur kemalarda dastlabki olti oylik shartnoma bo‘yicha ish haqi $1,2 mingdan boshlanadi. So‘ng ikki oylik ta’til beriladi va keyingi olti oylik yangi shartnomada tajribaga qarab ish haqi oshib, $4 minggacha yetishi mumkin. Bundan tashqari, yashash bilan bog‘liq xarajatlar kompaniya tomonidan qoplanadi.
Kelishuvga muvofiq, ishlash uchun zarur bo‘lgan C1/D turdagi tranzit vizasini olish jarayonlari soddalashtiriladi va ish beruvchi tomonidan 45 – 90 kun ichida rasmiylashtiriladi.
Shu bilan birga, uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida, Kouzon Corporation kompaniyasi 28 yildan buyon dunyo bo‘ylab 18 davlatda faoliyat yuritib keladi. Kompaniya O‘rta yer dengizi, Tinch okeani, Skandinaviya, Boltiq va Karib dengizi yo‘nalishlarida harakatlanadigan laynerlarga malakali kadrlarni tayyorlaydi. Shuningdek, kompaniya har yili 20 mingdan 25 minggacha mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi.
Avvalroq Yaponiya O‘zbekiston bilan migratsiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, mamlakatda qariyalarni parvarishlash, umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida ishchi yetishmovchiligi mavjud.