Yangiliklar

Navoiyda havo ifloslanishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi – Ekologiya vazirligi

Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda hujjatlar tayyorlanmoqda
Navoiyda havo ifloslanishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi / Foto: Ekologiya vazirligi

Navoiy viloyatida atmosfera havosining ifloslanishi bilan bog‘liq holat viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.

19-iyul kuni ertalab «Navoiyazot» AJ atrofida o‘tkazilgan tahlillarda havoda ammiak miqdori 1,4 barobar, vodorod sulfidi esa 16,8 barobar me’yordan yuqori ekani aniqlandi.

Shuningdek, Gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan shahar ichidagi kuzatuv postlarida ham ammiak va uglerod ikki oksidi miqdori belgilangan me’yordan oshgani kuzatildi.

Hozirda «Navoiyazot» hududida aniqlangan kamchiliklarni o‘rganish uchun biznes-ombudsman bilan hamkorlikda hujjatlar tayyorlanmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirlik daraxt kesishga moratoriy saqlanib qolishi haqida bayonot bergan edi.