Navoiyda kuzatilgan changsimon tutun «Navoiyazot» AJ bilan bog‘liq emasligi aniqlandi

21-iyul tongida Navoiy shahri va atrofida yana changsimon tutun paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan «Navoiyazot» AJ va Ekologik partiyasi viloyat Kengashi mutaxassislari birgalikda surishtiruv olib bordi.
Tergov doirasida korxona hududiga qo‘shimcha kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Tasvirlarda aniqlanishicha, tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida faoliyat yuritayotgan boshqa korxonalardan chiqmoqda.
«Navoiyazot» AJ ekologik xavfsizlikni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan bo‘lib, atmosferaga tashlanadigan chiqindilarni kamaytirishga doir qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Korxona mazkur tutun hodisasiga hech qanday aloqasi yo‘qligini yana bir bor rasman ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya vazirligi Navoiyda havo ifloslanishi bo‘yicha tekshiruv boshlagan edi.