
2025-yilgi Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO)da OpenAI kompaniyasining yangi LLM modeli mustaqil ravishda qatnashib oltin medal darajasidagi natijani qayd etdi. Bu haqda kompaniya tadqiqotchisi Aleksandr Vey ma’lum qildi.
Tajriba doirasida model IMO’ning rasmiy savollariga javob bergan. Umumiy oltita murakkab masaladan beshtasini to‘liq yechib, 42 balldan 35 ball to‘pladi. Model tabiiy til orqali izohlangan, tushunarli va to‘liq javoblar taqdim etgan, bunda internet yoki tashqi vositalardan foydalanilmagan.
Bu natija IMO tarixida sun’iy intellekt tomonidan erishilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
OpenAI vakillarining so‘zlariga ko‘ra, model IMO savollariga maxsus tayyorlanmagan. Boshqa tadqiqotchi Noam Braun bu yutuqni sun’iy intellektning yangi bosqichi sifatida ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Magnus Karlsen ChatGPT’ni shaxmatda yenggani haqida yozgandi.
U 53 yurishda barcha raqib piyodalarini yo‘q qilib, o‘z figuralarini saqlab qoldi. Karlsen o‘yinni safar paytida zerikishni ketkazish uchun o‘ynaganini aytgan.
G‘alabadan so‘ng u ChatGPT’dan o‘z o‘yin darajasini baholashni so‘radi. ChatGPT unga yuqori baho berib, reytingini 1800 – 2000 oralig‘ida baholagan. Aslida Karlsenning FIDE reytingi 2839 ni tashkil etadi.
Shuningdek, OpenAI ChatGPT agentini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.
Yangi agent sun’iy intellektning (SI) Pro, Plus va Team tariflari uchun bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Agent rejimini tanlagan foydalanuvchilar kundalik rejalashtirishlar, taqdimotlar tayyorlash, kod yozish, Gmail va GitHub kabi xizmatlarga ulanish, xarid rejalari tuzish kabi murakkab topshiriqlarni SI vositasi orqali bajarishi mumkin bo‘ladi.