O‘zbekistonda uy-joy narxiga minimal chegara joriy etish taklif qilindi

O‘zbekistonda uy-joyni sun’iy ravishda arzon narxlarda rasmiylashtirish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev qurilish sohasi vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
2025-yil boshidan mamlakatda bir kvadrat metr uchun bir million so‘mdan arzon narxda ikki mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Yana 9,3 mingta bitimda birdan uch million so‘mgacha, 13,5 mingta bitimda esa uchdan besh million so‘mgacha bo‘lgan narxlar ko‘rsatilgan.
Aslida poytaxtdagi eng arzon uy-joyning real qiymati bir kvadrat metr uchun kamida $300 ni tashkil etadi. Kudbiyevning so‘zlariga ko‘ra, soliq organlari bunday holatlar bo‘yicha aniq ma’lumotlarga ega.
Ba’zi insofsiz quruvchilar uylarni sun’iy past narxda ko‘rsatib, qolgan qismini xaridordan naqd pulda oladi. Natijada budjetga soliq tushumlari kamayadi, halol ishlayotgan kompaniyalar zarar ko‘radi, xaridorlar esa qurilish kechiksa yoki quruvchi bankrot bo‘lsa, arzimagan tovon puli olish xavfi ostida qoladi.
Shu sababli Sherzod Kudbiyev qurilish kompaniyalarini qonunlarga amal qilishga chaqirdi. U uy-joy narxiga minimal chegarani joriy etishni taklif qildi. Toshkentda bu ko‘rsatkichni bir kvadrat metr uchun yetti million so‘m, viloyatlarda esa besh million so‘m qilib belgilash zarurligini bildirdi.
Uning taklifini Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkinligi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, bu tizim quruvchilarning aylanma mablag‘ini kamaytirishi mumkin. Shu sabab uy-joy taklifi qisqaradi va narx oshishi mumkin. Chunki talab yuqori, ammo mablag‘ yetishmasa, yangi uylar kamroq quriladi.