Fan

Qozog‘iston «Bayterek» loyihasi orqali kosmik yuklarni uchirishga tayyorlanmoqda

Ilk sinov parvozi 2025-yil dekabrida bo‘ladi
Qozog‘iston «Bayterek» loyihasi orqali sun’iy yo‘ldoshlar uchirishni yo‘lga qo‘ymoqda / Foto: Midjourney

Qozog‘iston va Rossiya hamkorligida amalga oshirilayotgan «Bayterek» loyihasi xalqaro kosmik xizmatlar bozorida faol ishtirok etishni ko‘zlamoqda. Bu haqda Tass agentligi ma’lum qildi.

Loyiha asosida ishlab chiqilgan «Soyuz-5» raketasi geotranzit va Quyoshga sinxron orbitaga yuklarni chiqarish imkoniyati bilan ajralib turadi.

Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra, kelgusi 10 yil davomida har yili 3700 ga yaqin sun’iy yo‘ldosh uchiriladi. Shunday sharoitda «Bayterek» majmuasi global miqyosda talabgir bo‘lishi kutilmoqda.

«Soyuz-5» raketasining ilk sinov parvozi 2025-yil dekabrida Baykonur kosmodromida amalga oshiriladi. Hozirda Qozog‘iston Yer infratuzilmasini tayyorlamoqda, Rossiya esa raketa texnologiyasini ishlab chiqmoqda. Loyiha doirasida aloqa va Yer kuzatuvi sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA suyuq yonilg‘ini saqlash uchun yangi sovitish tizimini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edik.